17 Avgust 2024 yil 1708

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida viloyat hududida jinoyatchilikni oldini olish hamda xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tgan muhokamada boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov olib borib, dastlab Ichki ishlar vazirining shaxsiy tarkib bo‘yicha tegishli buyrug‘i bilan Jinoyat Qidiruv boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga yangi tayinlangan podpolkovnik Haydarov Azamat Saidovichni hamda Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan polkovnik Radjabov Karomat Mardonovichlarning faoliyat yo‘li bilan shaxsiy tarkibni tanishtirib, ularning xizmat faoliyatiga oid kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimiz hududlarida sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish borasidagi manzilli profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash, shuningdek, shaxsiy tarkib tomonidan ijro va xizmat intizomi hamda qonun talablariga qatʼiy rioya qilish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, taʼmagirlik va poraxo‘rlik kabi illatlarning xodimlar tomonidan sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qator ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.

Shu bilan birga, viloyat ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vatanga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligini qayd etdi.

Tadbir davomida boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov yaqinlashib kelayotgan "Mustaqillik bayrami" tantanalarini berilgan tavsiya va talablar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish, ommaviy-madaniy tadbirlar davrida fuqarolarimizning, bundan tashqari viloyatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy delegatsiyalar hamda sayyohlar xavfsizligini eng yuqori darajada taʼminlash yuzasidan masʼul rahbarlarga bir qator ko‘rsatmalar berdi.

Yakunda ko‘tarilgan har-bir masala yuzasidan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, hududiy ichki ishlar organlariga masʼul etib biriktirilgan sohaviy xizmatlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Text to speech