7 Iyun 2024 yil 1483

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan G‘ijduvon tumanida "Xavfsiz hudud" keng qamrovli profilaktik tadbirlariga jalb etilgan shaxsiy tarkib hamda boshqa kuch vositalar ishtirokida tungi xizmat oldi Yo‘riqnomasi o‘tkazildi

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Buxoro viloyatini jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida mutasaddilarga manzilli topshiriqlar berilib, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan ikki hudud Buxoro shahriga viloyat prokurori, G‘ijduvon tumaniga Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i masʼul etib biriktirildi.

Shunga ko‘ra, viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida qo‘shma farmoyishi ishlab chiqilib, Buxoro shahri hamda G‘ijduvon tumaniga huquq-tartibot organlari va boshqa taalluqli mutasaddi idoralarning shaxsiy tarkibidan iborat 20 tadan alohida guruhlar, bundan tashqari G‘ijduvon tumaniga qo‘shimcha ravishda viloyat 3-sektor hamda tuman sektorlarining shtab aʼzolari ham jalb etilib, mahallalar yettilik vakillari bilan hamkorlikda faoliyat olib boruvchi kuch-vositalar shakllantirildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirib, mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, mahallalardagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, ayniqsa ishsizlik va kambag‘allikni bartaraf etish, migratsiyaga ketgan va qaytib kelgan shaxslar va ularning oila aʼzolari bilan manzilli ishlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Shu va boshqa bir qator tezkor profilaktik tadbirlarning borishi, kunlik nazorat tizimining qay tartibda tashkillashtirilganligini ko‘zdan kechirish maqsadida, bugun, viloyat IIB boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov o‘zi masʼul etib biriktirilgan G‘ijduvon tumanida bo‘lib, harakatga keltirilgan "Xavfsiz hudud" keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlariga jalb etilgan shaxsiy tarkib va boshqa kuch vositalar, 75 ta mahallalar yettilik vakillari ishtirokida kengaytirilgan tungi xizmat oldi Yo‘riqnomasini o‘tkazdi.

Jarayonda mazkur tadbir doirasida shakllantirilgan guruhlar va masʼul rahbarlarning dastlabki ish natijalari tahlil qilinib, tezkor profilaktik hamda ijtimoiy profilaktik tadbirlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ish samaradorligini oshirish yuzasidan o‘zining bir qator tavsiyalarini aytib, masʼul rahbarlar, tuman sektor rahbarlariga bir qator ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Buxoro shahri hamda G‘ijduvon tumanida olib borilayotgan "Xavfsiz hudud" keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlari viloyatning boshqa barcha shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Mazkur tadbirlar bo‘yicha so‘nggi maʼlumotlarni rasmiy sahifalarimizda kuzatib boring.

Text to speech