Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi
Tadbirda boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, videokonferensaloqa tizimi orqali hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Dastlab, boshqarma boshlig‘i so‘zga chiqib, mamlakatimiz Konstitutsiyasi xalqimizning ko‘p yillik orzu-intilishlarini, mustaqil davlatchiligimizning huquqiy asosini o‘zida mujassam etgan oliy hujjat ekanligini taʼkidlab, asosiy qonunimiz mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda yurtimizning dunyoda munosib o‘ringa ega bo‘lishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etdi.
Shuni inobatga olgan holda fuqarolarimizning Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish borasida viloyat ichki ishlar organlarining har bir xodimini xizmat vazifasiga vijdonan yondashishga chaqirdi.
Shuningdek, tadbir davomida 2024 yil 24 noyabr kunidagi O‘RQ-1008 son Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 16 sentyabrda qabul qilingan "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi O‘RQ-407-sonli Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar shaxsiy tarkibga yetkazildi.
Tadbirning tantanali qismida, 9 dekabr - "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni" munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi "Eng yaxshi videoroliklar" tanlovining respublika bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Axborot xizmati xodimi, "Eng yaxshi yo‘l-patrul xizmati inspektori" tanlovi g‘oliblari hamda o‘z kasbiga sidqidildan yondashib hamkasblariga o‘rnak bo‘lib, korrupsion holatlar haqida vaqtida xabar bergan fidoyi xodimlar munosib taqdirlandilar.
Shu bilan birga bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.