26 Noyabr 2024 yil 2287

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida kengaytirilgan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda boshqa masalalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar, tuman-shahar IIB boshliqlilari va ularning o‘rinbosarlari, IIV Qorovul qo‘shinlari 7536-harbiy qism, 6-son mintaqaviy hudud 4-son Tergov hibsxonasi, 1, 17, 20-sonli jazoni ijro etish muassasalari hamda Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi boshliqlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda dastlab, boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Bahodirxo‘ja Sharipov so‘zga chiqib, joriy yilning o‘tgan davrida sodir etilgan jinoyatlar va ularning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart sharoitlar, jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganlarni topish, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning profilaktikasini jadallashtirish, «Energetika xavfsizligi oyligi» doirasida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishni oldini olishga doir tezkor ham profilaktik tadbirlarni kuchaytirish masalalarida hisobot berdi.

Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Oqil Hasanov so‘zga chiqib, tergov sifatini oshirish, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda dastlabki tergov harakatlari davomida qonuniylikni taʼminlash, "E material" elektron tizimiga joylangan materiallar bo‘yicha belgilangan muddatlarda qonuniy qarorlar qabul qilinishini hamda javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklar xususida so‘z yuritdi.

Navbatdagi so‘zga chiqqan boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Maʼnaviy maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i podpolkovnik Avazbek Inomov shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi hamda qonuniylikni taʼminlash, korrupsiogen holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, xodimlarning bilim saviyasini oshirish borasida maʼlumotlar berdi.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Xavfsiz Turizmni taʼminlash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Abduvohid Jalilov esa o‘z nutqida noqonuniy tartibda faoliyat olib borayotgan uy mehmonxonalarini aniqlash, bunday obyektlarda xorijiy hamda mahalliy sayyohlar tomonidan yoki ularga nisbatan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olishga doir hamkorlikdagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, yangidan faoliyat boshlayotgan mehmonxonalar ishchi xizmatchilari bilan bu yo‘nalishda targ‘ibot tadbirlarini olib borish xususida batafsil aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Haydarov so‘zga chiqib Respublika hududida IIO xodimlari tomonidan sodir etilgan xizmat intizomi hamda qonun buzilish holatlari to‘g‘risida aytib o‘tib, bunday salbiy holatlarning kelib chiqishiga omil bo‘lgan sabablar va galdagi vazifalar to‘g‘risida gapirdi. Bundan tashqari ish yuritishda maxfiylik tartibiga amal qilish, so‘rovxonalarning holati, belgilangan tartibda jihozlanishi va faoliyat yuritishini alohida nazoratga olish borasida ham aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Tashkiliy boshqarma boshlig‘i, Ulug‘bek Mengliyev so‘zga chiqib, asosiy tashkiliy tadbirlar rejasining ijrosi, 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy tashkiliy tadbirlar rejasini, 3 yillik tahliliy maʼlumotlar asosida Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi misolida ishlab chiqish, har-bir sohaviy xizmat, shahar-tumanlar kesimida yo‘l xaritalarini tuzish, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan inspektorlik tekshiruvi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, 2024 yil yakuniga qadar jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar yuzasidan ishlab chiqilib ijroga qaratilgan yo‘l xaritasining ijrosini taʼminlash yuzasidan maʼlumotlar berdi.

Shu bilan birga muhokama yig‘ilishi davomida tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari so‘zga chiqib, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida o‘tkazilayotgan "Xavfsiz hudud dolzarb 50 kunlik" profilaktik tadbirlarini jadallashtirish, bunda, ayniqsa og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olishga doir profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, muqaddam sudlangan, profilaktika hamda Probatsiya nazoratida turgan shaxslar bilan amalga oshirilayotgan manzilli tadbirlarni yana-da jadallashtirish, huquqbuzarlik hamda jinoyatlarga doir kelib tushayotgan ariza va xabarlar yuzasidan surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlarini sifatli o‘tkazib, eng qisqa muddatlarda qonuniy qarorlar qabul qilinishini taʼminlash, viloyat 3-sektoriga qarashli Shofirkon, G‘ijduvon, Vobkent tumanlari hamda shahar va tumanlarning 3-sektorlarida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirish, belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash, o‘tkazilayotgan shaxsiy, sayyor hamda ommaviy qabullarda kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘laqonli ko‘rib chiqib, hal etish yoki natijasi yuzasidan asoslantirilgan qarorlar qabul qilinishini taʼminlash borasidagi vazifalar xususida maʼlumotlarni taqdim etishdi.

Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan o‘zining bir qator taklif hamda tavsiyalarini bildirib, jarayonda hududiy ichki ishlar organlari va jazoni ijro etish muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish, chegara tumanlarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, xushyorxonalarning ishlashini alohida nazoratga olish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga taʼsir qiluvchi maʼlumotlarni tezkorlik bilan aniqlab, zudlik bilan manzilli choralar ko‘rish, aniqlanadigan jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, yashash, ishlash, o‘qish yoki boshqa sabablar bilan uzoq muddatga chet elga chiqib ketgan yoki qaytib kelgan fuqarolar bilan manzilli ishlash, ularning mavjud muammolariga yechim topish, o‘g‘irlik, firibgarlik hamda kiberjinoyatchilik, diniy ekstremizm yo‘nalishida targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Ko‘tarilgan har-bir masala yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlar masʼullari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga shaxsiy javobgarlikni his qilgan holda qo‘l ostidagi har bir xodimning xizmat faoliyatini kundalik nazorat qilib, intizom, fidoyilik bilan xizmat olib borish, ish samaradorligiga erishish lozimligini alohida taʼkidladi.

Text to speech