Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida 2025-yilda viloyat hududida jinoyatchilikni oldini olish borasida amalga oshiriladigan ishlar borasidagi yo‘l xaritalarining muhokamasi o‘tkazildi
Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda Buxoro shahar IIO FMB rahbariyati ishtirok etdi.
Dastlab, Buxoro shahri hududida jinoyatchilikni oldini olish hamda viloyat hududida huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash borasida 2025-yilda amalga oshiriladigan ishlar borasida ishlab chiqilgan yo‘l xaritalari yuzasidan masʼullarning axboroti tinglandi.
Boshqarma boshlig‘i har bir yo‘l xaritasini ilmiy yondashuv va tizimli tahlil asosida qaytadan ishlab chiqish, tizimga innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish kerakligi borasida alohida topshiriqlar berdi.
Shuningdek, muhokamada muqaddam sudlangan hamda probatsiya nazoratida turgan shaxslar bilan olib borilayotgan tezkor hamda profilaktik ishlar suratini oshirish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganlarni topish, ochilmagan jinoyatlarni fosh etish, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning profilaktikasini jadallashtirish, tergov sifatini oshirish, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda dastlabki tergov harakatlari davomida qonuniylikni taʼminlash yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, viloyat hududida o‘tkaziladigan har qanday ommaviy tadbirlarda, xususan, yaqinlashib kelayotgan "Yangi yil" tantanalari vaqtida, bayram archasi o‘rnatiladigan hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday favqulodda holatlarni, ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish yuzasidan manzillari aniq qilib belgilangan topshiriqlar berildi.
Boshqarma boshlig‘i ko‘tarilgan har-bir masala yuzasidan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar masʼullariga shaxsiy javobgarlikni his qilgan holda qo‘l ostidagi har bir xodimning xizmat faoliyatini kundalik nazorat qilib, intizom, fidoyilik bilan xizmat olib borish, ish samaradorligiga erishish lozimligini alohida taʼkidladi.