7 Noyabr 2024 yil 1786

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunovning navbatdagi o‘rganishlari viloyat 3-sektoriga qarashli Vobkent tumanining "Xayrixush" mahallasida o‘tkazildi

Avval, xabar berganimizdek, joriy yilning 1-noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan birinchi galdagi vazifalar ham muhokamaga qo‘yilib, vazirliklar, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan bir qator manzilli ishlar olib borilmoqda.

Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, boshqarma boshlig‘i boshchiligidagi masʼul rahbarlar tomonidan viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent tumanlarida, shuningdek, qolgan barcha tuman (shahar) larning 3-sektoriga qarashli mahallalarda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilib, hudud masʼullariga amaliy yordamlar ko‘rsatilayotganligini ko‘rishingiz mumkin.

Bugungi o‘rganish ishlari Vobkent tumanining "Xayrixush" mahallasidan boshlandi.

Ushbu mahallada bo‘lgan boshqarma boshlig‘i "mahalla yettilik" vakillari bilan uchrashib, hudud infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yana-da kuchaytirish, uyma-uy yurish orqali aholining real ishsiz qatlami, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kambag‘al oilalarning real ro‘yxatlarini shakllantirish va ularni og‘ir ijtimoiy turmush holatidan chiqarish, tadbirkorlik yoki kasb-hunarga yo‘naltirish, migratsiyada yurgan yoki qaytib kelgan fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha o‘zining tegishli tavsiya va topshiriqlarini berdi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish eng asosiy masala ekanligini taʼkidlab, elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminotini yaxshilash, ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasini yaratish borasida ko‘rsatmalar berdi.

Aholining qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalaridan foydalanish madaniyatini oshirish orqali energetika tarmoqlaridagi yuklamalarni yengillashtirish, avariyalarning oldini olish, tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlarni pasaytirish, eng muhimi ekologik toza, “yashil” energiyaga o‘tish jarayoni faollashtirish borasida topshiriqlar berildi.  

Mahalla hududidagi ijtimoiy soha obyektlariga, savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari hamda aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish, uning afzalliklari va elektr energiyasini tejash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish borasida ham ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, eng asosiy vazifalardan biri bo‘lgan jinoyatchilikka barham berish masalasi ham tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Bunda, “Raqamli, obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida "fuqarobay" "xonadonbay" ishlarni jadallashtirish, mahallaning zaruriy lokatsiyalari bo‘ylab videokuzatuv moslamalarini o‘rnatib, profilaktika inspektorining xizmat xonasiga integratsiya qilish masalalarida topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligida bu kabi o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.

Text to speech