12 Dekabr 2024 yil 1301

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida kelgusi 2025 yilda viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasining dastlabki muhokamasi o‘tkazildi

Muhokamada boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda shahar-tuman IIB boshliqlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda boshqa mutaxassis xodimlar ishtirok etdi.

Dastlab, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Bekzod Ulug‘bekov, Buxoro viloyati hududidagi avtomobil yo‘llarida fuqarolar xavfsizligini ishonchli taʼminlash va har qanday turdagi yo‘l transport hodisalarini keskin kamaytirish, yo‘l infratuzilmasi hamda o‘tkazuvchanligini tubdan yaxshilash borasida 2025 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarga oid ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi yuzasidan axborot berdi.

Shundan so‘ng muhokamada ishtirok etayotgan masʼul rahbarlar hamda mutaxassis xodimlarning bir qator takliflari eshitildi.

Boshqarma boshlig‘i yo‘l xaritani ishlab chiqishda eng avvalo chuqur tahlil, ilmiy yondashuv va tizimli bartaraf etish choralari asosida yana bir bor qayta ko‘rib chiqish, jarayonda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda har bir yo‘nalishni raqamlashtirish va bunda innovatsion texnologiyalardan kengroq foydalanish borasida o‘zining qator tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari, taalluqli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda huquqbuzarliklarning subyekti bo‘lgan shaxslar bilan “fuqarobay”, “mahallabay” tizim hamda kvadrat usuli asosida keng jamoatchilik bilan hamkorlikda faoliyat olib borishning qonunda belgilab berilgan mexanizmlaridan unumli foydalanishning eng sodda tizimini ishlab chiqish borasida topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Text to speech