Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligidagi masʼullar hududlarda kriminogen vaziyatning barqarorligini taʼminlash, shuningdek, qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholini yoqilg‘i-energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash hamda bu boradagi talon-torojliklarni oldini olishga doir o‘rganishlarni olib bordi
Xabaringiz bor, viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov hududlarda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Farmon va Qarorlari, hukumat qarorlari, idoraviy Yo‘riqnoma hamda ko‘rsatmalar ijrosining brorishini nazorat qilish maqsadida o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Jumladan, 17 dekabrdan 18 dekabrga o‘tar kechasi ham boshqarma boshlig‘i tegishli masʼullar, hududiy sektor rahbarlari ishtirokida viloyatimizning Buxoro shahri hamda Vobkent tumanida aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Eng avval, Buxoro shahrining Ark qo‘rg‘oni shaxristonida o‘rnatilgan Prezident archasi, uning tegishli meʼyorlar asosida o‘rnatilganligi, xavfsizlik masalasida amalga oshirilgan ishlar, qo‘riqlash hamda jamoat tartibini saqlashga oid masalalarni joyida o‘rganib, aniqlangan ayrim kamchiliklar bo‘yicha masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, viloyatning qolgan barcha hududlarida o‘rnatilgan Prezident archalarining holatini ko‘zdan kechirish, bayram hamda ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan ushbu joylarda xizmatni to‘g‘ri tashkil qilish yuzasidan o‘zining topshiriqlarini berdi.
Shundan so‘ng Vobkent tumaniga borilib, ushbu tumanda faoliyat olib borayotgan ijtimoiy soha obyektlari, shu jumladan tuman Tibbiyot birlashmasida elektr energiyasi hamda issiqlik taʼminotining ahvoli, favqulotda vaziyatlarda qo‘shimcha generatorlar bilan taʼminlanganlik holati ko‘rikdan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, tumanda qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan tezkor shtab, tuman elektr tarmoqlari hamda tuman gaz xodimlarining tungi vaqtlarda kuchaytirilgan tartibdagi faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.
Jarayonda tungi xizmatga jalb etilgan huquq-tartibot idoralari, hokimlik, kommunal-tezkor xizmatlar masʼullari hamda issiqlik energiya korxonalari rahbarlarining bayonotlari eshitildi.
Tadbir jarayonida aniqlangan barcha kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik hamda jinoyatlarni aniqlash maqsadida tezkor hamda profilaktik tadbirlarni jadallashtirish borasida topshiriqlar berildi.
Boshqarma boshlig‘ining kundalik o‘rganish ishlari viloyatimizning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.