3 Oktyabr 2023 yil 3179

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida bugun, 3 oktyabr kuni Buxoro viloyatida Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi – “Cyber-Week” kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari haqida keng jamoatchilikka axborot berish, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida navbatdagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Ichki ishlar vazirligi Tezkor–qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi masʼullari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi va OAV vakillari, hamkor korxona tashkilotlarning mutasaddilari, axborot xizmatlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanini boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Jalolov ochib berib, ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirib, anjuman kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.

Jumladan, bugungi kunda raqamli texnologiyalar barcha sohalarga va odamlar hayotiga jadal kirib kelayotganligi sababli soha rivojlanib borgani sari, bundan g‘araz maqsadda foydalanuvchilar ham ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.

Shu o‘rinda, hozirgi kunda viloyat hududida sodir etilayotgan jami jinoyatlar orasida internet va kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar keskin oshib borayotganligi bois bu borada jinoyatchilikni jilovlash hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarining ishonchli himoyasini taʼminlashga doir amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi.

Xususan, joriy yilning 9 oyi mobaynida ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar soni

2 barobarga oshib, natijada fuqarolarga 4 mlrd. so‘mga yaqin zararlar yetkazilgan bo‘lib, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish va aholimizning ogohligini oshirish maqsadida tizimda amalga oshirilayotgan manzilli chora-tadbirlar hamda olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng, IIV Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazining masʼul xodimi Maqsud Mirabdullayev tomonidan viloyatda kiberjinoyatlarni oldini olish hamda aholini kiber olamdagi tahdidlardan immunitetini oshirish masalalari dolzarbligi oshganligi sabab joriy yilning 3-11 oktyabr kunlari Kiberxavfsizlik markazi viloyatdagi manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazishi belgilangani maʼlum qilindi.

Unga ko‘ra mazkur tadbirlar davomida innovatsion targ‘ibot usullaridan foydalangan holda viloyatdagi barcha ishchi-xizmatchilar, yoshlar bilan hamkorlikda 2 mln.dan ortiq aholini qamrab olish rejalashtirilgani aytib o‘tildi.

Matbuot anjumani so‘ngida sohaga taalluqli OAV vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga vazirlik hamda boshqarma tegishli sohaviy xizmatlarining masʼullari tomonidan batafsil javoblar berilib, o‘zaro fikr-mulohaza almashinildi.

Text to speech