Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan Shofirkon tumanining “Quyi Chuqurak” mahallasi obod maskanga aylandi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va tavsiyasi asosida keyingi yillarda yurtimizning har bir go‘shasi, ayniqsa olis aholi maskanlari, mahalla va qishloqlar infratuzilmalarini yangilash, qiyin sharoitda yashayotgan aholiga qulaylik yaratish, ijtimoiy soha inshootlari qatorida maktab, bolalar bog‘chasi, tibbiyot maskanlari faoliyatini tubdan yaxshilash, taʼlim va tibbiy xizmat sifatini oshirish barobarida, aholiga talab darajasida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga daxldor, odamlarni qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolar, jumladan: yo‘l, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, tabiiy yoki suyultirilgan gaz taʼminotida uchrayotgan nuqson va kamchiliklarni bartaraf etishga alohida eʼtibor kuchaytirildi.
Bundan ikki oy muqaddam viloyat uchinchi sektoriga qarashli Shofirkon tumanining Quyi Chuqurak mahallasini zamon talablari darajasidagi aholi maskaniga aylantirish saʼy-harakatiga jiddiy kirishilgan edi. Aytish joizki, “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” mezonlari asosida tanlangan mazkur aholi maskani, bevosita masʼul bo‘lgan viloyat uchinchi sektori rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining saʼy-harakati, tuman hokimligi va boshqa mutasaddi idoralarning tizimli ish faoliyati natijasida qisqa muddatda har jabhada namunaviy, obod, go‘zal hududga aylantirildiki, bunda keng qamrovda amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib ko‘z quvnaydi va bu yangilanish, bunyodkorlik ishlari ko‘pning eʼtirofiga sazovor bo‘lmoqda.
“Quyi Chuqurak” MFY da 642 ta xonadon va 826 ta oila bo‘lib, ularda yashovchi aholi soni 3 ming 800 nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Dastur asosida mahallada 2,5 kilometr yo‘l asosini tayyorlanib, shag‘al bostirilgan bo‘lsa, 2,2 kilometr masofadagi yo‘lga yangi asfalt bostirilib, piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Deyarli 2,3 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i ham tortilib, mavjud gidroinshootlar mukammal taʼmirdan chiqarildi.
Shu bilan birga, elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlarga barham berish maqsadida 4 kilometr masofadagi elektr liniyasi taʼmirlanib, kabellar yangilandi. Yaroqsiz holga kelgan 60 ta simyog‘och temir-beton ustunlarga almashtirildi va 30 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Xuddi shunday, hududda 250 kilovatt soat quvvatga ega transformator, 100 kilovatt soat quvvatga ega qo‘shimcha transformator o‘rnatilib, 2 kilometr masofadagi elektr simlari sozlandi. Yana 20 tadan ortiq tayanch ustun to‘g‘rilanib, 5 kilometr uzunlikdagi tarmoq daraxt shoxlaridan tozalandi. 5 ta transformator joriy taʼmirdan chiqarilib, elektr toki taʼminoti va o‘tkazuvchanligi yaxshilandi.
Kam taʼminlangan va ehtiyojmand aholining 166 ta xonadoni taʼmirdan chiqarildi. Yana kamxarj va ehtiyojmand 47 ta turar joyning tom qismi taʼmirdan chiqarilgani holda 121 ta xonadonga yuvinish xonasi, 170 ta xonadonning oshxonasi, 145 ta hovli-joyning hojatxonasi, 96 ta uyning tandirxonasi, 87 ta aholi xonadonlarining molxonasi yangidan qurib berildi.
Olis mahallaning infratuzilma inshootlari bilan birga 33-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabining sport maydoni zamonaviy taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Yugurish va uzunlikka sakrash yo‘laklari, voleybol, basketbol va badminton maydonchalari qurildi. Shuningdek, Worcaut sport maydonchasining shay qilingani mahalla ahlini behad shodlantirdi. Yosh bolajonlar uchun qishloqda bolalar o‘yin maydonchasining qurib foydalanishga topshirilgani esa ularga haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
8 dekabr—O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan Quyi Chuqurak mahallasining o‘ziga xos ochilish marosimi o‘tkazildi. Erta tongdan bayramona kayfiyat bilan uyg‘ongan quyi chuqurakliklarning shodligiga barcha sherik bo‘lib, ushbu mahallaga yig‘ilishdi. Yangilangan Quyi Chuqurak mahallasida o‘tgan tantanada yig‘ilganlar yangidan ishga tushirilgan mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, uning yonidan “Uch avlod maskani”, shuningdek, oilaviy shifokorlik punkti, ayollar salomatlik markazi, go‘zallik saloni, tikuv sexida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Hududda ehtiyojmand fuqarolarga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilib, nogironlik aravachalari, dori-darmonlar taqdim etildi. Bu chora-tadbirlar natijasida mahalladagi mavjud 642 ta xonadon va 826 ta oila tarkibida istiqomat qiluvchi 3 ming 800 nafarga yaqin aholi muammolari tizimli hal etilayotgani yurtimizda “Inson qadri uchun” degan tamoyilning amaldagi ifodasidir.
Mazkur mahallada amalga oshirilgan ishlarni hamda tashkillashtirilgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarning rasmiy sahifalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati tomonidan “Press-tur” ham tashkillashtirildi.
Mazkur “Press-tur”ga viloyatimizda faoliyat olib borayotgan barcha Ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar, Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi aʼzolari ishtirok etishdi.