Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumanining Zarafshon mahallasi aholisi muammolari yechimiga bag‘ishlangan sayyor qabul o‘tkazdi
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov aholi bilan doimiy muloqot qilib, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish borasida bevosita joylarga chiqib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazib kelmoqda.
Bugun ham boshqarma boshlig‘i G‘ijduvon tumanining Zarafshon mahallasida aholi murojaatlarini tingladi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotda 15 dan ortiq fuqarolarning 20 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Jarayonda asosan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun amaliy yordam, ichki yo‘llarni taʼmirlash, eskirgan elektr simyog‘ochlarni taʼmirlash, yaroqsiz holatga kelib qolganlarini yangilash, suyultirilgan gaz taʼminoti grafigini yaqinlashtirish, yaroqsiz holatga kelib qolgan tabiiy gaz quvurlarini yangilash kabi masalalar ko‘tarildi.
Murojaatlarning yechimiga asosiy eʼtibor qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun yurituvga olingan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilanib, masʼullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Viloyat 3-sektor rahbari aholi bilan muloqotda bildirilgan takliflar, ko‘tarilgan muammolar asosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, asosan “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga kirgan, ishsiz fuqarolarni doimiy ish bilan taʼminlash borasida masʼullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Bu kabi sayyor qabullar viloyatimizning 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlarining barcha hududlarida, bundan tashqari, qolgan shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarida tasdiqlangan grafik asosida o‘tkazib boriladi.