10 Fevral 2024 yil 1080

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashabbusi bilan Buxoro shahridagi 8-o‘rta umumtaʼlim maktabida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va vatan himoyasidek sharafli kasbga qiziqishini orttirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi

Tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi barcha sohaviy xizmatlari o‘zlarining qurol-aslaha, maxsus vosita, maxsus texnikalar va xizmat faoliyatida samarali qo‘llanilib kelinayotgan asbob uskunalari bilan ishtirok etishdi.

Tadbir dastlab davlat madhiyasi ijro etilishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Akbar Yusupov so‘zga chiqib o‘quvchi yoshlarga o‘zlarining fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Tadbir avvalida viloyat IIB JTSB Kinologiya xizmati xodimlari xizmat iti yordamida jinoyatchilarni ushlash taktikasi, xizmat iti yordamida giyohvand moddalarni aniqlash texnikasi namoyish etilgan bo‘lsa, IIV Buxoro Akademik litseyi tinglovchilarining ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga o‘zgacha ruh baxsh etdi.

Shuningdek, harakatlanuvchi mobil kriminalistik laboratoriya va texnika vositalar namoyishi o‘tkazilib, laboratoriyaning afzalliklari va samaradorligi hamda ekspert-kriminalistika faoliyatining zamonaviy imkoniyatlari haqida ilmiy amaliy ko‘rgazma tashkil etildi.

Mudofaa vazirligiga qarashli 28803-harbiy qism orkestri va faxriy qorovul chiqishlari tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Tadbir mobaynida IIV Buxoro Akademik litseyi rahbariyati tomonidan  o‘qishga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga barcha shart sharoitlar tushuntirib o‘tildi.

Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilarga Ichki ishlar vazirligi tizimida qo‘llanilib kelinayotgan qurol aslahalar, harbiy texnikalar va maxsus vositalar to‘g‘risida tushuncha berib o‘tildi. Tadbirda ishtirok etganlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Taʼlim muassasalarida mana shunday ko‘rgazmali chiqishlarda o‘quvchi yoshlarning ishtirok etishi, ularni Vatan himoyasidek sharafli kasbga bo‘lgan qiziqishi ortishiga, shuningdek ona Vatanga muhabbat tuyg‘usi bilan ulg‘ayib, komil insonlar bo‘lib yetishishiga o‘z hissasini qo‘shishi, shubhasiz!

Text to speech