12 Fevral 2024 yil 1498

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida "Psixologik va sotsiologik xizmat ko‘rsatish" ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini raqamlashtirish masalasi muhokama qilindi

Avval xabar berganimizdekBuxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Buxoro davlat universiteti o‘rtasida “Voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar orasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar” xususida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumiga ko‘ra "Psixologik va sotsiologik xizmat ko‘rsatish" ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan edi.

O‘tgan davr mobaynida ushbu markaz tomonidan voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish maqsadida hamkorlikdagi keng qamrovli profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, tashkil etilgan ishchi guruh aʼzolari tomonidan viloyat hududi bo‘ylab muqaddam sudlangan, profilaktik hamda probatsiya hisoblarida turgan xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlarga huquqiy, ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish ishlari olib borildi.

Voyaga yetmaganlar va yoshlar, shuningdek, ayollar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning sabab-oqibatlarini ilmiy-amaliy tadqiq etilib, jinoyatlarni keltirib chiqaruvchi omillar sotsial-psixologik jihatdan birma-bir o‘rganildi.

Shuningdek, voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar bilan turli uchrashuvlar tashkil etilib, malakali psixolog mutaxassislar tomonidan har bir toifadagi shaxs bilan individual suhbatlar olib borildi. Sodir etilgan jinoyatlar va ularning sabab-oqibatlari batafsil tahlil qilinib, har bir shaxsga malakali mutaxassislar tomonidan ijtimoiy-psixologik xizmatlar ko‘rsatildi.

Bugungi axborot texnologiyalari asrida har bir soha rivoji raqamli texnologiyalar bilan o‘lchanadi.

Shundan kelib chiqib, Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda, universitet mutaxassis xodimlari imkoniyatlaridan foydalangan holda “Tahliliy tadqiqot” markazining faoliyatini raqamlashtirish, yaʼni elektron platforma yaratiladi.

Bugun, 12 fevral kuni Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu elektron platformaning ishlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, Buxoro davlat universiteti rektori Obijdon Hamidov, IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda professor o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan yangi elektron platformaning afzalliklari, ishlash mexanizmlari xususida maʼlumotlar taqdim etishdi.

Boshqarma boshlig‘i “Tahliliy tadqiqot” markazining faoliyatini raqamlashtirish borasida o‘zining tegishli tavsiyalari berib, ushbu tizimni tez fursatda ishga tushirish kerakligi borasida manzillari aniq topshiriqlar berdi.

Yakunda kelgusida amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Text to speech