Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, tizimda korrupsiogen holatlarga barham berishga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Bugun, 22 fevral kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan boshqarma apparati shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, tizimda sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli korrupsiogen holatlarni oldini olish, murojaatlar bilan ishlashda sansolarlikka yo‘l qo‘ymaslik, taʼmagirlik va boshqa shunga o‘xshash salbiy holatlarni oldini olishga bag‘ishlangan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi.
Yig‘ilishda boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar va o‘rta bo‘g‘in rahbarlari ishtirok etdi.
Bunda, o‘tgan hisobot yili va shu yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat hamda respublikamiz miqyosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan xizmat intizomi va qonunbuzarlik holatlari, ularning kelib chiqish sabablari, shart sharoitlari keng muhokama qilindi.
Kelgusida viloyat IIB shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiogen holatlarga qarshi keskin kurashishning zamonaviy usul va uslublarini joriy qilish borasida amalga oshiriladigan ishlar, xizmat intizomini buzish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlarini chuqur tahlillar asosida sinchkovlik bilan o‘tkazish, bu yo‘nalishdagi tekshiruvlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, xizmatga sovuqqonlik bilan qarash, poraxo‘rlik va taʼmagirlik hamda boshqa shu kabi korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish, ularning har qanday murojaatlari yuzasidan sansolarlikka yo‘l qo‘ymasdan, tez va sifatli tekshiruvni o‘tkazib, belgilangan tartibda huquqiy tushuntirish berish orqali murojaatning natijasini maʼlum qilishning qatʼiy talablariga rioya qilinishi yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, har bir rahbar va xodimlar bilan yuzma-yuz tarzida o‘tkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar davom ettirilmoqda.