Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov huzurida Shofirkon tumanini ijtimoiy rivojlantirish hamda mahallalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan obodonlashtirish ishlari yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Muhokama yig‘ilishida tuman sektor rahbarlari, viloyat 3 sektor shtabi aʼzolari, tegishli tashkilot va korxonalar masʼullari hamda mahallalar “yettilik” vakillari ishtirok etishdi.
Boshqarma boshlig‘i “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tuman hududidagi avtomobil yo‘llari yoqalari, dala chetlari, ijtimoiy soha obyektlari, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari, mahallalardagi xonadonlarning yerlariga tuproq va iqlim sharoitiga mos keluvchi mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish kerakligi borasida alohida ko‘rsatmalar berdi.
Tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruhlarni shakllantirib, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, bevosita mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, bilan uchrashib, aholini qiynab kelayotgan muammolar va mahallalardagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish, ularni tezkor va samarali hal qilish choralarini ko‘rish, mahallalarda kerakli texnika va ishchi kuchini jalb qilib, yo‘llarni tekislash, ariq-zovurlarni tartibga keltirish, yon-atrofni obodonlashtirish kabi ishlarni ham amalga oshirish yuzasidan masʼullarga manzillari aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Shofirkon tumani hududida ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan "Andijon tajribasi"ni joriy etish yuzasidan bajariladigan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilab olindi.