12 Oktyabr 2023 yil 3938

Buxoro viloyati ichki ishlar organlari tomonidan 2023 yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi

Bugun, joriy yilning 12 oktyabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, uning quyi tizimlari, sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni fosh etish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari ishtirok etdi.

Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligi xususida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) IIB boshliqlari va boshqa masʼullarning hisobotlari tinglandi.

Hisobotlar tinglanib, muhokama natijalariga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelgan ayrim rahbar va xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi.

Shuningdek, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha bildirilgan taklif hamda mulohazalar bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarib, berilgan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida sifatli bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Birinchi navbatda har bir ichki ishlar organi xodimining o‘zi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xalqqa va xizmatiga sadoqatli bo‘lishi lozimligi yana bir bor taʼkidlab o‘tildi.

Boshqarma boshlig‘i yuqori va quyi tizim rahbarlariga, xodimlarning oilaviy sharoiti va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni tarbiyalashda ustoz-murabbiy anʼanalarini yana-da keng tatbiq etish, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi.

2023 yilning keyingi davrida Buxoro viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan tashkiliy tadbirlar rejasi va yo‘l xaritalarini yana bir bor sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, har bir yo‘nalish bo‘yicha barcha ustuvor vazifalarni belgilab olgan holda ijroga qaratish lozimligi yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Yakunda yig‘ilish bayoni tuzilib, har bir bandi ijrosini taʼminlash bo‘yicha nazorat o‘rnatildi.

Text to speech