Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov va faxriy ustozlar, shuningdek, viloyat ichki ishlar organlari yosh xodimlari ishtirokida “Uch avlod” uchrashuvi o‘tkazildi
Hayotda ko‘pni ko‘rgan, yillar sinovida toblanib, boy amaliy tajriba to‘plagan faxriylarning o‘git va maslahatlari yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Respublikamiz prezidentining tashabbusi bilan yosh avlodni tarbiyalashda “Ustoz-shogird” anʼanasiga amal qilish, ustozlarni ulug‘lash, ularning orttirgan boy amaliy tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu ishlarning amaliy ifodasi sifatida bugun Buxoro shahridagi Yoshlar markazi anjumanlar zalida viloyat ichki ishlar organlarining faxriy ustozlari hamda yosh xodimlari ishtirokida “Uch avlod” uchrashuvi tashkillashtirildi.
Uchrashuvda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, sohada bir necha yillar samarali xizmat qilgan faxriy ustozlar, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va Buxoro akademik litseyi o‘quvchi yoshlari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlarga yaratib berilgan keng ko‘lamli imkoniyatlarni alohida eʼtirof etib, yoshlarga o‘z tajribalari haqida so‘zlab, Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, xizmat intizomiga rioya qilish, halollik, shuningdek "xalqqa xizmat qilish oliy burch" tushunchalari yuzasidan o‘zining bir qator tavsiya va maslahatlarini berdi.
Uchrashuv davomida uzoq yillar davomida ichki ishlar organlari tizimida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib, yosh avlodga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan faxriy ustozlar ham o‘zlarining boy amaliy tajribalari haqida so‘zlab berishdi.
Ochiq va konstruktiv o‘tgan yuzma-yuz muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar oldilar.
Jarayonda, xodimlar tomonidan xizmat intizomi hamda qonuniylikka rioya qilish, burchga sadoqat va halollikka chorlovchi videoroliklar ham namoyish etildi.
Shundan so‘ng, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va iqtidori, tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek, ichki ishlar organlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi faol ishtiroki hamda sportdagi yutuqlari uchun 22 nafar yosh xodimlar boshqarma boshlig‘ining esdalik qo‘l soati, pul mukofotlari, Faxriy yorlig‘i hamda kitoblar to‘plami bilan taqdirlandilar.
Tadbir yakunida sohada uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan fidoyi faxriylarga minnatdorchilik bildirilib, ulardan bir nechtasiga ham esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Bu kabi xayrli tadbirlar “ustoz-shogird” anʼanasining amaldagi ifodasi sifatida faxriy ustozlarning bilim va ko‘nikmalari hamda tajribasini yoshlar shijoati bilan uyg‘unlashtirishga, shu asosda soha xodimlarining qalbidagi Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat tuyg‘ularini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi albatta.