Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunovning O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi bayrami munosabati bilan ichki ishlar organlari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami munosabati bilan ichki ishlar organlarining barcha xodimlarini hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini va faxriylarimizni samimiy muborakbod etaman.
Bu yilgi bayram “Bir bo‘lsak-yagona xalqmiz, birlashsak-Vatanmiz” shiori ostida o‘tkazilayotganida chuqur maʼno mujassam.
Chunki, dunyo hamjamiyatida jonajon Vatanimiz bo‘lgan O‘zbekiston o‘z o‘rnini topib borayotganligi, yurtimizda “Inson qadri ulug‘” ezgu tamoyili asosida jadal o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligi, ayniqsa sohada zamonaviy, ilmiy salohiyatli, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, ichki ishlar organlari xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash, ularning oila aʼzolarini, soha faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doimiy ravishda eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Har qanday sharoitda ham o‘z burchini vijdonan bajarishga qasamyod qilgan mard va jasur ichki ishlar organlari xodimlarining fidokorona xizmatlari va jasoratini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Bu borada “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” konseptual g‘oyasi asosida xizmatni tashkil etib, ichki ishlar tizimida sidqidildan xizmat qilayotgan vatanparvar, fidoyi, jasoratli va mard xodimlarimizning alohida o‘rni bor.
Zero, o‘z hayotini jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bag‘ishlagan hamda buni har kuni, har daqiqada amalda isbotlayotgan ichki ishlar xodimlari bizning faxrimiz va g‘ururimizdir.
Qadrli hamkasblar!
Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni eng aziz bayramimiz – Mustaqillik ayyomi bilan tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilaviy totuvlik, dasturxoningizga to‘kinlik va qut-baraka tilayman.
Zimmangizdagi masʼuliyatli vazifalarni sharaf bilan ado etishingizda, Sizga kuch-quvvat, matonat, omad va zafarlar hamisha hamroh bo‘lsin.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, barqaror rivojlanishimiz bardavom bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Boshqarma boshlig‘i podpolkovnik I.N.Tursunov