Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Otam, onam va men sportchilar oilasi” shiori ostida sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 23-avgustdagi 416-son qarori hamda boshqarma boshlig‘ining tegishli farmoyishiga asosan, viloyat ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkibning xizmat, jangovar, jismoniy va psixologik tayyorgarligini taʼminlash, xodimlar va ularning oila aʼzolari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida “Otam, onam va men sportchilar oilasi” shiori ostida sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa viloyat Ichki ishlar boshqarmasi negizidagi sohaviy xizmatlar hamda shahar-tuman Ichki ishlar bo‘limlarining xodimlari hamda ularning oila aʼzolaridan tarkib topgan 14 ta jamoalar o‘rtasida o‘tkazildi.
Musobaqada ishtirokchilar “Yugurish, akrobatika elementlari va to‘pni nishonga otish”, “Chaqqonlik va merganlik” estafetasi, “Mohir hujumchi”, “Qaddimizni rostlaymiz, sakrashni boshlaymiz”, “Tezlik va epchillik estafetasi” kabi shartlarda o‘zaro bellashishdi.
Do‘stona muhitda o‘tgan musobaqada faxrli 3-o‘rinni Shofirkon tumanidan Norovlar oilasi, faxrli 2-o‘rinni Olot tumanidan Rajabovlar oilasi va faxrli 1-o‘rinni Buxoro tumanidan Negovlar oilasi qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bu kabi sport musobaqalari xodimlar va ularning oila aʼzolari o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yana-da orttirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va do‘stona muhitni yaratishga zamin yaratadi.