12 Dekabr 2023 yil 875

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov Qorako‘l tumanida bo‘ldi

Bugun, 12 dekabr kuni viloyat IIB boshlig‘i Qorako‘l tumanida bo‘lib, "Quvacha" mahallasida aholi murojaatlari yechimiga bag‘ishlangan sayyor qabul o‘tkazdi.

Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i hamda viloyat prokurori boshchiligidagi masʼullar tumanda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun yaratib berilgan sharoitlar, ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini ko‘zdan kechirishdi.

Maʼlumki, Qorako‘l tumanida Hindistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan Acharya universiteti filiali ochilgan edi.

Universitetda yigit-qizlar sunʼiy intellekt, maʼlumotlar fani, kiberxavfsizlik, biznes tahlil va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mukammal bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Asosiy eʼtibor axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasini o‘rgatishga qaratilgan.

Viloyat sektor rahbarlari boshchiligidagi masʼullar mazkur universitetda ham bo‘lib, binoda talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yaratiladigan sharoitlar bilan tanishdi. Xorijiy hamkorlar bilan 2023/2024-o‘quv yili taʼlim jarayonini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.

Qorako‘l tumanining “Qozon” mahallasida yashovchi Gulandom Fayzullayeva Buxoro viloyati IIB JXX XPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tarbiyalanib chiqqan. U viloyat IIB boshlig‘i bilan bo‘lgan suhbatda sportning “Boks” turiga qiziqishini bildirib, sport bilan shug‘ullanishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi.

Boshqarma boshlig‘ining tegishli topshirig‘iga asosan Gulandom Fayzullayeva Olot tumanida joylashgan Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatiga o‘qishga joylashtirildi.

Polkovnik Mirjamol Miralimov Qorako‘l tumanidagi o‘rganishlari jarayonida Gulandom Fayzullayeva bilan ham suhbatlashdi.

Shuningdek, shu kuni viloyat 3 sektor rahbari "Quyi Yangibozor" mahallasida joylashgan 17 sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida bo‘lib, yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarliklarni ko‘zdan kechirdi.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimovning bu kabi o‘rganishlari Buxoro viloyati bo‘ylab davom etmoqda.

Text to speech