27 Sentyabr 2025 yil 1366

Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolaridan iborat jamoalar o‘rtasida “Men, otam va onam sportchilar oilasi” musobaqasi o‘tkazildi

Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni aholi o‘rtasida ommalashtirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu asosda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tegishli farmoyishiga muvofiq Jondor tumanidagi “Nurafshon” sport majmuasida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Men, otam va onam – sportchilar oilasi” nomli oilaviy sport musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqada ishtirokchilar oila aʼzolari bilan birga jamoa tarkibida kuch sinashdilar. Ular “Chaqqonlik va merganlik estafetasi”, “Mohir hujumchi”, “Qaddimizni rostlaymiz, sakrashni boshlaymiz”, “Tezlik estafetasi” hamda “Epchillik estafetasi” kabi turli sport yo‘nalishlarida bellashdilar.

Qizg‘in va murosasiz ruhda kechgan musobaqa jarayonida oilalar nafaqat o‘z mahoratlarini namoyish etdilar, balki o‘zaro hamjihatlik va jipslikka ham eʼtibor qaratdilar. Bu esa tadbirning asosiy maqsadlaridan biri – sog‘lom turmush tarzini oila muhitida mustahkamlash va sport orqali ota-onalar hamda farzandlar o‘rtasidagi munosabatni yana-da samarali qilishga xizmat qildi.

Tadbirning tantanali taqdirlash marosimida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati va Jondor tumani hokimi ishtirok etib, sportning ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Ular ichki ishlar organlari xodimlari uchun sport bilan shug‘ullanish kasbiy faoliyatda jismoniy tayyorgarlik va ruhiy barqarorlikni taʼminlashda muhim omil ekanini, shuningdek, oila aʼzolarida sog‘lom turmush tarziga rioya qilish odatini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Yakunda g‘olib va sovrindor jamoalar medal, diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu kabi tadbirlar nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari salomatligini mustahkamlaydi, balki jamoatchilik o‘rtasida sportga qiziqishni oshirish, aholida sog‘lom turmush tarziga intilishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Text to speech