Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shofirkon tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandi
Boshqarma boshlig‘i dastlab, tuman Ichki ishlar bo‘limida bo‘lib, Navbatchilik qismi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Xususan, “E-material” elektron platformasi orqali kelib tushayotgan kundalik materiallarning qayd etilishi, ularni ko‘rib chiqish tartibi hamda ular yuzasidan qonuniy va asosli qarorlar qabul qilinishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
"Qalmaqon" mahallasi tumandagi kriminogen vaziyati bir muncha murakkab bo‘lib, olib borilayotgan keng ko‘lamli hamda manzilli profilaktik tadbirlarga qaramasdan so‘nggi 5 yil davomida “qizil” toifadan chiqmasdan kelmoqda. Ushbu mahallada bo‘lgan boshqarma boshlig‘i hududda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xarita”ning amaliy ijrosi, profilaktik ishlar samaradorligi va jinoyat o‘choqlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni tanqidiy tahlil qildi. Shuningdek, "Xavfsiz tun" tadbiriga jalb qilingan ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati o‘rganilib, xizmatga jalb etilgan xodimlarga yo‘riqnoma berdi.
Mutasaddilar birgalikda mahallada qayd etilgan jinoyat turlari va sodir etgan shaxslar toifalari, shuningdek, sodir etilish vaqtiga asoslanib qilingan tahlillar asosida tungi vaqtda piyoda yurib, hududdagi jinoyat o‘choqlarini birma-bir ko‘zdan kechirdilar.
Bunda asosiy eʼtibor mahallada kunduzgi va tungi vaqtlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi va mol-mulklari daxlsizligini taʼminlash, ayniqsa savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari oldida xavfsizlikni taʼminlash, velosiped va avtomashina o‘g‘irliklarining oldini olish, voyaga yetmagan yoshlarning bemaqsad yurishlariga chek qo‘yish, xotin-qizlar va yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish, nizoli oilalar bilan ishlash masalalari, shuningdek, hududning kameralashtirilganligi, qo‘riqlash pultlari bilan jihozlanganligi hamda kuch-vositalarning taqsimoti to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligiga qaratildi.
Mazkur tadbirlar doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashishda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, aholining huquqiy ongini yuksaltirish va jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida qator topshiriqlar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar tasdiqlangan grafik asosida davom ettirilmoqda.