Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 25 – oktabr “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi
Dono xalqimiz bisotida eng ko‘p aytiladigan ibora va hikmatlar, hatto nuroniylarimiz duolaridan tushmaydigan ulug‘ niyat bu tinchlikdir. Yurt tinchligini saqlash masʼuliyatini bo‘yniga olgan insonlar esa ikki karra fidoyi bo‘lmog‘i lozim bo‘ladi. Bugun ichki ishlar organlari safida xizmat qilayotgan har bir xodim ham yurt tingchiligi fuqarolarning osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat olib bormoqda.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida "25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni" munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda ham ushbu jihatlar alohida eʼtirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining olib kirilishi va davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlangan tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari rahbarlari, videokonferensaloqa tizimi orqali ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tuzilmalari, shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi, mehnat faxriylari, xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni" munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Viloyat hokimi o‘z so‘zida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilishda ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli va mashaqqatli xizmatlarini alohida eʼtirof etdi.
Shundan so‘ng viloyat IIB boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonovning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida so‘ngi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida alohida to‘xtalib, Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash yo‘lida olib borayotgan xizmatlari yuksak baholanayotganini taʼkidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, bayram munosabati bilan taqdirlangan bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegish Farmoniga asosan, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Uktam Askarovga “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlanganligi eʼlon qilindi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i asosida, vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olish borasidagi samarali mehnati, o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik va jasorat ko‘rsatgan xodimlar “Aʼlo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, “Benuqson xizmatlari uchun” birinchi, ikkinchi, uchinchi darajali ko‘krak nishonlari, kitoblar to‘plami, pul mukofotlari, muddatidan avval “podpolkovnik” hamda navbatdagi “mayor” va “leytenant” maxsus unvonlari bilan taqdirlanishdi.
Shu bilan birga bayram munosabati bilan viloyat hokimi, prokuratura, soliq, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining minnatdorchiligi va esdalik sovg‘alari ham tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining bir guruhi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining esdalik qo‘l soati, ota-onalariga minnatdorchilik xati hamda “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targ‘ibotchisi” nomi ostida o‘tgan ko‘rik-tanlovlar g‘oliblariga turli darajadagi mukofotlar, shu bilan birga xodimlarga uy-joy sotib olishlari uchun dastlabki badal pullari taqdim etildi.
Bundan tashqari, bayram munosabati bilan boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i bilan, 848 nafar xodimlar pul mukofoti bilan taqdirlangan bo‘lsa, 125 nafar xodimlarning harakatdagi intizomiy jazolari muddatidan avval bekor qilindi.
Bayram munosabati bilan shaxsiy tarkib, faxriylar va xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolariga qaratilgan bunday eʼtibor, xodimlarimiz o‘rtasida Ona Vatanga hamda kasbiga bo‘lgan sadoqat ruhini kuchaytirib, kelgusida xizmat samaradorligining oshishiga zamin yaratadi albatta.