Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Vobkent tumanining Xayrixush mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi
Prezidentimizning tashabbusi va qabul qilgan normativ huquqiy hujjatlariga asosan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi va usullarining joriy etilgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shundan kelib chiqib, bugun 21 may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov viloyat 3-sektoriga qarashli Vobkent tumanining Xayrixush mahallasida aholi murojaatlari yechimiga qaratilgan sayyor qabul o‘tkazdi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotda 20 nafar fuqarolarning 30 dan ortiq turli masalalardagi murojaatlari qabul qilindi.
Jumladan, ish bilan taʼminlash, taʼlim krediti, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, yaroqsiz sim yog‘ochlarni yangilash, elektr taʼminotidagi past kuchlanishni bartaraf etish, ichki yo‘llarni taʼmirlash va shag‘allashtirish, piyodalar yo‘laklarini barpo etish, sunʼiy notekisliklar hamda tartibga soluvchi svetofor o‘rnatish masalalarlari ko‘tarildi.
Asosiy eʼtibor, murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olingan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilanib, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlariga bajarish muddatlari aniq belgilangan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad halq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratishdan iboratdir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga tadbiq etilayotgan, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida asos solingan yangi tizim avvalo, ijtimoiy adolatni taʼminlash borasida o‘zbekona hayot falsafasi va milliy davlatchilik maktabiga xos barhayot anʼanalarning yangi taraqqiyot bosqichi bo‘lishi bilan birga, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo‘lidagi strategik maqsadlarga erishishning qudratli vositasiga aylanmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.