7 Noyabr 2024 yil 2343

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Avazbek Inomov viloyat markazidan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan Og‘itma ovulida o‘rganish ishlarini olib bordi

«Og‘itma» ovuli G‘ijduvon tumani “Ko‘kcha” mahallasiga qarashli cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, mazkur aholi punkti viloyat markazidan 250 km, G‘ijduvon tumanidan esa 180 km uzoqlikda joylashgan eng olis aholi punktlaridan biri hisoblanadi. Aholining asosiy tirikchiligi chorvachilik va baliqchilikdan iborat.

Og‘itma ovuli Qizilqum kengliklari bag‘rida, shahardan uzoqda joylashgan bo‘lsada, o‘ziga xos infratuzilmasi, albatta, turmush tarziga egaligi bilan ajralib turadi.

Buxoroda olis, cho‘l hududida joylashgan manzillar juda ko‘p. Aynan Og‘itmaCho‘lobod, Ko‘klam, Kanay qishloqlarini o‘z ichiga olgan «Og‘itma» ovuli ham shunday manzillar qatoriga kiradi. Ushbu hududda 77 ta xonadon mavjud.

Ovulda bo‘lgan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari ayni kunlarda odamlar hayot tarzi, kayfiyati, o‘y-tashvishlari, orzu-intilishlarini, qolaversa, qish qahratonlarida olis hududda yashovchi og‘itmaliklarning uyini isitish, ovqat pishirish, choy qaynatish kabi shart-sharoitlarini yaqindan o‘rgandi.

O‘rganishlar jarayonida aholining kam taʼminlangan qismini moddiy manfaatdorligini oshirish, ishsizlarni ish bilan taʼminlash, fuqarolarni qish mavsumida oziq-ovqat va boshqa zaruriy buyumlar bilan taʼminlash, hududda malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish ishini qayta ko‘rib chiqish, issiqlik va elektr energiya taʼminotini yaxshilash choralarini ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shuningdek, ovuldagi umumtaʼlim maktabi, tibbiyot muassasasi, maktabgacha taʼlim tashkilotining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi ham ko‘zdan kechirildi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, olis manzilda yashayotgan yurtdoshlarimizni o‘ylantirayotgan mavjud muammolariga yechim topish yuzasidan masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bu kabi o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Text to speech