Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunovning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Bugungi qutlug‘ sana – “Vatan himoyachilari kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan yurtimizning barcha mard va jasur o‘g‘lonlari, vatanimiz sarhadlari mustahkamligini taʼminlashda matonat bilan xizmat qilayotgan harbiylarni, ular qatorida mamlakatimiz mahallalarida jamoat tartibi hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga masʼul bo‘lgan barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamda jamoatchilik vakillarini, ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi va faxriylarimizni samimiy muborakbod etaman.
Har qanday davlatning kuch – qudrati uning armiyasi bilan baholanadi.
Zotan, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu g‘oya asosida, Milliy armiyamizning jangovar salohiyatini yana-da yuksaltirish va uni ixcham, tezkor tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bugun hech kimga sir emas.
Haqiqatdan ham so‘nggi yillarda O‘zbekiston Milliy armiyasi jadal rivojlanmoqda, uning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi izchil oshib bormoqda, mamlakatimizning mudofaa qudrati mustahkamlanmoqda, fuqarolarimizning tinch osoyishta hayoti taʼminlanmoqda.
Xalqimiz g‘oyat masʼuliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli vatan himoyachilari bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Shu bois bugun oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada bajarishimiz uchun har birimiz, xususan ichki ishlar organi xodimi va harbiy xizmatchisi fidoyilik, vatanparvarlik bilan bor kuch va g‘ayratini safarbar etishi lozim.
Qadrli do‘stlar, aziz harbiylar va hamkasblar!
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, uzoq-umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.
Yurtimizni turli tajovuzlardan asrash, sarhadlarimiz mustahkamligini taʼminlash, hududlarda jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!