Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Vobkent tumanida joylashgan “Porloq kelajak” bolalar oromgohida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari lageri” o‘quv yig‘iniga jalb etilgan yoshlar bilan uchrashdi
Barchamizga maʼlumki, Respublikamizda joriy 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilingan bo‘lib, alohida davlat dasturi ishlab chiqilgan holda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini taʼminlash va ular bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi tomonidan mazkur davlat dasturining ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki ishlar organlariga bir million nafar yoshlar biriktirilib, ular bilan manzilli ishlash vazifasi yuklatilgan edi.
Davlat dasturi hamda ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash tartibini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyruq talablari asosida Buxoro viloyati 3-sektorlariga qarashli 142 ta mahallalarda istiqomat qiluvchi 7 toifaga kiruvchi jami 46.113 nafar yoshlar ro‘yxati shakllantirildi va ular shahar-tuman IIBlarining 142 ta masʼul rahbarlariga biriktirildi.
Ana shu yoshlar orasidan og‘ir toifadagi 5.519 nafar yoshlar ajratib olinib, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi o‘qituvchi-murabbiylari va Buxoro viloyati IIB xodimlari hamkorligida “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari” shiori ostida bosqichma-bosqich (48 marotaba) viloyat IIB Patrul-post xizmati batalyonida ikki kunlik o‘quv yig‘inlariga jalb etilib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari olib borildi.
Mazkur o‘quv yig‘inlarining mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 23 iyul kunidan boshlab 5 kunlik “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari lageri” o‘quv yig‘ini tashkil etilib, mazkur o‘quv yig‘iniga 14-16 yosh toifasidagi 100 nafar voyaga yetmaganlar jalb etildi.
Ushbu voyaga yetmaganlar, yosh toifasiga ko‘ra 25 nafardan 4 guruhga bo‘linib, ular bilan tasdiqlangan o‘quv jadvali va kun tartibi asosida IIV Akademiyasi o‘qituvchi-murabbiylari tomonidan mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Bugun, mazkur o‘quv yig‘inlarining borishini ko‘zdan kechirish uchun kelgan viloyat IIB boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov bolalar oromgohida yoshlarga taʼlim tarbiya berish bilan bog‘liq o‘quv dasturining borishi, tashkillashtirilgan turli tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.
Shu kuni o‘tkazilgan 16 yoshli bolalardan tarkib topgan jamoalar o‘rtasidagi “Zakovat” intellektual o‘yinida ishtirok etib, g‘oliblarni diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi.
Jarayonda o‘quv yig‘ini doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi filmlar namoyishi”, o‘zbek xalqining shonli tarixidagi “Buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyatiga oid davra suhbatlari”, vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi “Sport musobaqalari”, “Konstitutsiya bilimdoni” viktorinasi kabi tadbirlar yuzasidan o‘zining bir qator tavsiya hamda takliflarini bildirib, o‘quv yig‘inining har tomonlama sifatli va ko‘tarikni kayfiyatda o‘tkazilishini taʼminlash borasida masʼullarga ko‘rsatma va topshiriqlarini ham berdi.
Mazkur “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari lageri” o‘quv yig‘inlari doirasidagi tadbirlar rasmiy sahifalarimizda yoritib boriladi.