Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tgan 2024 yil sarhisob qilindi
Bugun, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida vazir o‘rinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov ishtirokida viloyat ichki ishlar boshqarmasi va uning hududiy organlari tomonidan o‘tgan 2024 hisobot yilida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda yangi 2025 yilda amalga oshirilishi belgilab olingan masalalar muhokamasiga oid tanqidiy tahliliy tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
Anʼanaga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi madhiyasining jonli ijro etilishi bilan boshlangan yig‘ilishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov, boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.
Tezkor yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov olib borib, dastlab kun tartibidagi masalalar bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.
Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘ining 1-o‘rinbosari polkovnik Bahodirxo‘ja Sharipov viloyatda 2024 yil davomida huquqbkuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir bo‘lgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi hamda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan batafsil axborot berdi.
Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda, 2024 yil davomida erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligi xususida sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) IIB boshliqlari va boshqa masʼullarning ham hisobotlari tinglandi.
Hisobotlar tinglanib, muhokama natijalariga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelgan ayrim rahbar va xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Jarayonda yangi 2025 yilda Buxoro viloyatida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga doir mahalla, tuman-shahar, xizmat soha hamda viloyat kesimida ishlab chiqilgan yo‘l xaritalari, shuningdek, yangi loyihalar, kuch vositalar va moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash bo‘yicha qilingan takliflar muhokama qilindi.
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari bildirilgan taklif hamda mulohazalarga nisbatan o‘zining tavsiyalarini berib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan zaruriy xulosa chiqarib, berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarish, fuqarolar xavfsizligi hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Birinchi navbatda har bir ichki ishlar organi xodimining o‘zi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatga va xalqiga sadoqatli bo‘lishi lozimligini yana bir bor taʼkidlab o‘tdi.
Vazir o‘rinbosari, yuqori va quyi tizim rahbarlariga, xodimlarning oilaviy sharoiti va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni tarbiyalashda ustoz-murabbiy anʼanalarini yana-da keng tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi.
2024 yilda Buxoro viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan tashkiliy tadbirlar rejasi va yo‘l xaritalarini yana bir bor sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, har bir yo‘nalish bo‘yicha barcha ustuvor vazifalarni belgilab olgan holda ijroga qaratish lozimligi yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish yakunida 2024 yil davomida xizmatdoshlariga shaxsiy namuna ko‘rsatib yuqori ko‘rsatgichlarga erishgan, maʼmuriy hududida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarda samarali mehnat qilgan, sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va issiq izida fosh etish borasida yuqori natijalarga erishgan, turli musobaqa va ko‘rik tanlovlarda yuqori natijalarni qayd etgan bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlari Ichki ishlar vazirligi hamda boshqarma boshlig‘ining buyruqlari bilan taqdirlandi.