Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov viloyat 3-sektor hududiga qarashli G‘ijduvon tumanining Ko‘lijabbor mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Ayni kunlarda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan Ko‘lijabbor mahallasida "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" dasturi doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Bugun, 21 may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Ko‘lijabbor mahallasida bo‘lib, tuman sektor rahbarlari, tegishli korxona va tashkilotlar vakillari hamda mahalla yettiligi hamrohligida hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Boshqarma boshlig‘i dastlab, mahallada tashkil etilgan viloyat 3-sektor shtabida masʼullar bilan amalga oshirilayotgan ishlarni birma-bir muhokama qildi.
Shundan so‘ng, Ko‘lijabbor mahallasidagi 52-son umumiy o‘rta taʼlim maktabining sport maydoni, yo‘l harakati xavfsizligi mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan mashq maydonchasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishildi.
Taʼlim dargohida bo‘lgan viloyat 3-sektor rahbari maktab sinfxonalarida o‘quvchilarning taʼlim-tarbiya olishi uchun yaratilgan bilan tanishib, taʼlim sifatini oshirish, kutubxonadagi kitoblar sonini oshirish, so‘ngi qo‘ng‘iroq tadbirlarini o‘tkazish hamda o‘quvchilarning yozgi taʼtil paytida vaqtini mazmunli o‘tkazishlari borasida o‘zining tavsiyalari va tegishli ko‘rsatmalarini berdi.
Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i mahalladagi o‘rganishlari doirasida 45 sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida ham bo‘lib bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlar uchun hozirlangan shart-sharoitlarni o‘rgandi.
Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida mahalla tibbiyot punkti, maishiy va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sartaroshxona, yangidan barpo etilayotgan mahalla binosining qurish jarayonlari ko‘zdan kechirildi
Jarayonda mahalla bo‘ylab ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon yurilib, tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha Sayxunobod tajribasi yuzasidan fuqarolar batafsil tushuntirishlar berilib, aholining shaxsiy, maishiy va ijtimoiy muammolari ham o‘rganildi.
Mahalla profilaktika inspektorining xizmat uyida bo‘lgan boshqarma boshlig‘i bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, oilasidagi muhit, xodimning mavjud muammolarini ham o‘rgandi.
O‘rganishlar yakunida kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash, elektr taʼminoti, ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini oshirish borasida masʼullarga aniq va manzilli topshiriqlar berildi.