27 Sentyabr 2024 yil 2344

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Romitan tumanining Afrosiyob mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga joriy etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi bugun markazdan tortib olis qishlog‘u ovullarda yashayotgan yurtdoshlarimizning yillar davomida to‘planib qolgan muammolari yechimiga xizmat qilmoqda.

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov hududlarda bo‘lib, bevosita aholining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda.

Boshqarma boshlig‘i boshchiligida navbatdagi sayyor qabul Romitan Tumanining Afrosiyob mahallasida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Romitan tumanidagi Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sayyor qabulda viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirok etishdi.

Qabul davomida 10 dan ortiq fuqarolarning 15 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.

Jumladan, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda ko‘maklashish, oliy taʼlim muassasasining to‘lov kontrakti uchun taʼlim krediti ajratish borasidagi masalalar ko‘tarildi.

Murojaatlarning aksariyati shu kunning o‘zida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilgan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilandi.

Shu jarayonda boshqarma boshlig‘i tomonidan, ushbu mahallada yashovchi 16 yoshga to‘lgan, birinchi marta fuqarolik pasporti olayotgan Malika Barotova hamda Akbarshox Axmadovlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi ID-kartasi tantanali ravishda topshirildi.

Qabuldan so‘ng boshqarma boshlig‘i mahalla “yettilik” vakillarining hamkorlikdagi ish faoliyatini ham o‘rgandi.

Hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan galdagi vazifalar xususida ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Albatta, bu kabi sayyor qabullarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad halq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Text to speech