27 Sentyabr 2023 yil 2694

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Buxoro viloyat sudi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Tergov boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda firibgarlik jinoyati bilan bog‘liq tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni olib borish amaliyoti hamda bu borada mavjud qonunchilikni amaliyotda qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Seminarni Buxoro viloyat sudi raisi Uchqun Ro‘ziyev kirish so‘zi bilan ochib berib, firibgarlikka oid ishlarni sudda ko‘rish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarga alohida to‘xtalib, Oliy sud plenumining “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti” to‘g‘risidagi 17-sonli qarorining mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuncha berib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Oqil Hasanov Ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari tomonidan firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv va dastlabki tergovni o‘tkazishda eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar to‘g‘risida maʼruza qilib, hisobot davrida mazkur sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan misollar keltirildi va har bir holatdan tegishli xulosalar chiqarish lozimligini alohida taʼkidladi.

Bundan tashqari, seminar davomida jismoniy va yuridik shaxslarning firibgarlik mazmunidagi murojaatlariga asosan Ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Munozara tariqasida o‘tgan yig‘ilishda shahar-tumanlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sud raislari, nazoratni olib boruvchi prokuratura xodimlari hamda hududiy ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari xodimlari tomonidan mazkur sohada amaliyotda yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlari bo‘yicha berilgan savollariga qonunchilikdan kelib chiqqan holda zarur tavsiyalar berildi.

Yig‘ilish yakunida jinoyat bo‘yicha jazoning muqarrarligini taʼminlash, fuqarolarning murojaatlarini qanoatlantirish, jinoyat natijasida davlat va jamiyatga yetkazilgan zararlarni qoplash hamda mazkur sohadagi qonun normalarini qo‘llashda yagona amaliyotni joriy etish maqsadida ichki ishlar organlari, prokuratura va sudlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Text to speech