Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tgan hafta faoliyati tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilandi
Joriy yilning 27-oktyabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i raisligida videoselektor shaklida tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar va bo‘limlar rahbarlari, shuningdek, viloyatdagi barcha shahar va tuman ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Yig‘ilishda, kun tartibidan joriy yilning 9 oy 25 kuni davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashdagi dolzarb masalalar, Ichki ishlar vazirligining faoliyat samaradorligining reyting baholash ko‘rsatkichlari tizimi (KPI) doirasida erishilgan natijalar hamda kamchiliklar, shuningdek, aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olinishi bilan bog‘liq Prezident Farmoning mazmunini shaxsiy tarkibga yetkazish masalalari muhokama qilindi.
Majlis davomida viloyatda jinoyatchilik holatlari, ularning sabablari hamda ayrim hududlarda profilaktik chora-tadbirlarning sust olib borilayotganligi tanqidiy ruhda tahlil qilindi. Rahbarlar va masʼullarga faoliyatni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va huquqbuzarliklarning oldini olishda samaradorlikni oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda, xizmat intizomini mustahkamlash, ichki tartib va nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Boshqarma rahbari masʼullarga jamoaviy masʼuliyatni oshirish, har bir xodimning fuqarolar osoyishtaligi yo‘lidagi xizmatini yana-da samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, “25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishib, o‘z burchiga sadoqat bilan yondashayotgan xodimlarni taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik E.N.Safarov xizmatdagi alohida yutuqlari, fidokorona mehnati hamda masʼuliyatli faoliyati uchun navbatdagi polkovnik maxsus unvoni bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga, joriy yilning 2–3-oktyabr kunlari o‘tkazilgan “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organlari boshlig‘i” respublika tanlovida faxrli 3-o‘rinni egallagan Jondor tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Nosirov Abduxalil Rustamovich xizmatdagi yutuqlari uchun «BYD» avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, viloyat ichki ishlar organlarining turli rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat olib borib, viloyatimiz hududida jinoyatchilikni jilovlash, yurtimiz tinchligi, fuqarolarimiz farovonligini taʼminlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan podpolkovnik Jalolov Shuxrat Nasullayevichni nafaqaga kuzatish marosimi ham o‘tkazildi.
Tadbir yakunida jinoyatchilikning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, aholining ro‘yxatga olish jarayonida ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish muhimligi qayd etildi.