Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Vobkent tumanining Xalach mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga joriy etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning bunday samarali mexanizmi hududlar infratuzilmasini yaxshilashga, aholi muammolarini hal qilishga xizmat qilmoqda.
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ham ayni shu maqsadda hududlarda bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini ko‘zdan kechirish, aholining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda.
Boshqarma boshlig‘i boshchiligida navbatdagi sayyor qabul Vobkent tumanining Xalach mahallasida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi Vobkent tumani bo‘limi masʼullari, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda 10 ga yaqin fuqarolarning 15 dan ortiq turli masalalardagi murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berish, elektr va tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash, sog‘ligini tiklash bo‘yicha davolanishga yordam berish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, dehqonchilikdan unumli foydalanishda irrigatsiya tizimlarini yaxshilashga doir masalalar qabul qilindi.
Murojaatlarning joyida bartaraf etilishiga alohida eʼtibor qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilganlari yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Qabuldan so‘ng boshqarma boshlig‘i mahalla “yettilik” vakillarining hamkorlikdagi ish faoliyatini ham o‘rgandi.
Hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, murojaatlar bilan ishlash, aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish xususida mahalla yettilik vakillarining oldiga qo‘yilgan vazifalar, ularni ijro etishning mexanizmlari xususida tushuntirishlar berilib, ish samaradorligini oshirishga doir o‘zining tavsiya, ko‘rsatma hamda topshiriqlarini berdi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘ining ushbu mahalladagi sayyor qabuli jarayonida, hudud aholisi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik hamda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari tashkil etildi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad halq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.