30 Oktyabr 2023 yil 2330

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston qahramoni bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun, 30 oktyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasida «Madaniyat Muhammad Ismat» fermer xo‘jaligi rahbari, «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni sohibi Muhammad Ahmedov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymonlar ishtirokida maʼdaniy-maʼrifiy uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan boshqarma boshlig‘i Mirjamol Miralimov “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan yurtdoshimiz o‘z sohasining yetuk bilimdoni ekanligi, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘ziga xos maktab yaratgani, uning hayot yo‘li boshqalar uchun ibrat bo‘lishi va bu yo‘nalishda davlatimiz tomonidan sohada yaratilgan mavjud imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi.

Samimiy muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda «O‘zbekiston Qahramoni» Muhammad Ahmedov o‘zining hayot yo‘li haqida gapirib,  xodimlarni Vatanni sevishga, hozirda yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishga va Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lishga chaqirdi.

Yozuvchi va shoir Shodmon Sulaymonov o‘z so‘zida ichki ishlar organlari xodimlarining mardonavor xizmatlariga alohida to‘xtalib, ularning olib borayotgan faoliyatlarining o‘zi aslida qahramonlik ekanligini taʼkidladi.

O‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar xodimlar maʼnaviyatini oshirish bilan birga, ularni vatanga, o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbati oshishiga xizmat qiladi.

Text to speech