Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov tomonidan sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlarining masʼul rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yangi qabul qilgan Farmon va qarorlari hamda boshqa meʼyoriy hujjatlarni o‘rganish yuzasidan o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Bugun, joriy yilning 18 may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali rahbari Zafar Jumayev hamda ushbu agentlikning masʼul xodimlari ishtirokida Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabr kunidagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 209-sonli Farmoni, “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 402-sonli Qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23-avgustdagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risida” gi 536-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizom hamda boshqa quyi nomativ hujjatlar talablarini o‘rganish yuzasidan o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulotda boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, shahar va tuman ichki ishlar organlariga biriktirilgan masʼul rahbarlar, joylardagi 3-sektor rahbarlari hisoblangan hududiy ichki ishlar organlarining boshliqlari va ularning sektorlar faoliyati bo‘yicha kotiblari ishtirok etishdi.
O‘quv mashg‘ulotini olib borgan Agentlik masʼul xodimlari tomonidan tinglovchilarga yuqorida keltirib o‘tilgan nomativ huquqiy hujjatlardan kelib chiqib, mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish hamda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etishga doir chora tadbirlarning amalga oshirilishi, sektor rahbarlarining faoliyatini baholash bo‘yicha vazifa va ko‘rsatgichlarni ko‘tarish, sektor aʼzolari va mahallalar yettiligining faoliyat mezonlari, ushbu faoliyat bilan bog‘liq kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, sektor ko‘rsatgichlarining shakllanishi va boshqa bir qator yo‘nalishlar yuzasidan tushunchalar berilib, mavzuga hamda mahalla yettiligi va sektor shtabi aʼzolarining hamkorlikdagi vazifalari yuzasidan qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ularning birgalikdagi faoliyati samaradorligini oshirishga doir tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi.
Mashg‘ulotdan so‘ng, boshqarma boshlig‘i tomonidan bir qator dolzarb masalar yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi va bunda:
- ichki ishlar organlariga kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash, huquqbuzarliklik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini issiq izida fosh etish, qidiruvda yurgan va bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirib topish, “Qoradori-2024” tezkor tadbirini jadallashtirish, kiberjinoyatlar targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, mahallalarni videokuzatuv kameralari bilan jihozlash va integratsiya qilish, maxfiylik tartibiga rioya qilish, migratsiya yo‘nalishida belgilab berilgan vazifalar;
- “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini berilgan tavsiya va talablar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish;
- Ommaviy-madaniy tadbirlar davrida fuqarolarimizning, bundan tashqari viloyatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy delegatsiyalar hamda sayyohlar xavfsizligini eng yuqori darajada taʼminlash;
- ijrochilik va xizmat intizomi, muomala madaniyatiga rioya qilish, xodimlarning kasbiy bilim saviyasini oshirish borasidagi ishlarni ham qayta ko‘rib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yakunda, boshqarma boshlig‘i tomonidan ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan rahbar va masʼul xodimlarga tavsiya, ko‘rsatma hamda bajarish muddatlarini aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berilib ijrosi alohida nazoratga olindi.