Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Kogon shahrining Temiryo‘lchilar mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga joriy etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning bunday samarali mexanizmi hududlar infratuzilmasini yaxshilashga, aholi muammolarini hal qilishga xizmat qilmoqda.
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ham ayni shu maqsadda hududlarda bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini ko‘zdan kechirish, aholining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda.
Boshqarma boshlig‘i boshchiligida navbatdagi sayyor qabul Kogon shahrining Temiryo‘lchilar mahallasida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi Kogon shahar bo‘limi masʼullari, viloyat 4-sektor rahbari Soliq boshqarmasi boshlig‘i, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda 15 ga yaqin fuqarolarning 20 dan ortiq turli masalalardagi murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berish, elektr va tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash, sog‘ligini tiklash bo‘yicha davolanishga yordam berish, mahallada futbol maydonini barpo etish, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish, ko‘p qavatli uy podyezdining chala qolgan taʼmirlash ishlarini yakunlash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, oqova suv chiqarish tizimini taʼmirlash, shuningdek, ichki ishlar organlarining tergovga qadar tekshiruviga doir masalalar qabul qilindi.
Murojaatlarning joyida bartaraf etilishiga alohida eʼtibor qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilganlari yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Jarayonda boshqarma boshlig‘i tomonidan, ushbu mahallada yashovchi 16 yoshga to‘lgan, birinchi marta fuqarolik pasporti olayotgan uch nafar yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi ID-kartasi tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, "Yosh kitobxon" tanlovining Kogon shahar bosqichida yuqori natijalarni qayd etgan kitobxon yoshlar ham taqdirlandilar.
Qabuldan so‘ng boshqarma boshlig‘i mahalla “yettilik” vakillarining hamkorlikdagi ish faoliyatini ham o‘rgandi.
Hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, murojaatlar bilan ishlash, aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish xususida mahalla yettilik vakillarining oldiga qo‘yilgan vazifalar, ularni ijro etishning mexanizmlari xususida tushuntirishlar berilib, ish samaradorligini oshirishga doir o‘zining tavsiya, ko‘rsatma hamda topshiriqlarini berdi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Bu kabi tadbirlar tasdiqlangan grafik asosida viloyatning barcha hududlarida davom ettiriladi.