11 Iyun 2024 yil 1276

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumanida bugun erta tongdan "Sog‘lom hayot sari-5000 qadam” va “Xavfsiz hayot uchun” shiorlari ostida piyoda yurish marafoni hamda "Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun" shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy va vatanparvarlik ruhidagi festival o‘tkazildi

Marafonda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, tuman sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari xodimlari, nuroniylar hamda 2000 dan ortiq uyushmagan yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Ushbu marafon G‘ijduvon tumanidagi "Abdulla Qahhor" ko‘chasidan, "Degrezon" ko‘chasidagi Yoshlar saylgohigacha bo‘lgan masofada davom etdi.

Yoshlar saylgohida tashkil etilgan festivalda yoshlarda vatanga bo‘lgan muhabbat hissini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish madaniyatini shakllantirish maqsadida, yosh havaskorlar ishtirokidagi konsert dasturi, hunarmandchilik buyumlarining ko‘rgazmali namoyishi, sportsevar yoshlarning shaxmat, shashka, karate, kurash, stol tennisi bo‘yicha chiqishlari, shuningdek, yosh rassomlarning asarlari namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi barcha sohaviy xizmatlari o‘zlarining qurol-aslaha, maxsus vosita, maxsus texnikalari bilan ishtirok etib, yoshlarga xizmat faoliyatida samarali qo‘llanilib kelinayotgan maxsus vositalar to‘g‘risida tushunchalar berib o‘tishdi.

Yakunda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi ham Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining chiqishlari tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Bu kabi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan manzilli tadbirlar davom ettirilib, uyushmagan yoshlar, yozgi o‘quv taʼtilida yurgan o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish asosiy maqsad qilib olingan.

Text to speech