Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tabrigi
Hurmatli faxriylar, aziz hamkasblar va muhtaram yurtdoshlar!
Har yili 9-may sanasi yurtimizda alohida eʼzoz bilan nishonlanadigan, jonkuyarlik va sadoqat timsoli bo‘lgan shaxslarning ruhini shod etish, ularning jasoratini qadrlash kunidir. Xotira va Qadrlash kuni — elu yurt tinchligi uchun jonini fido qilgan har bir insonning xotirasini abadiylashtirish kunidir.
Bu kunda, avvalo, Ikkinchi jahon urushi davrida fashizmga qarshi kurashda qahramonlarcha halok bo‘lgan yurt farzandlarini, Vatan uchun jonini ayamagan mard o‘g‘lonlarni chuqur hurmat va eʼzoz bilan yod etamiz.
Ularning jasorati, matonati va fidoyiligi bugungi tinch hayotimizning asosidir.
Shu bilan bir qatorda, hozirgi kunda hayot bo‘lib turgan urush qatnashchilariga, ularning buyuk xizmatlariga ham chuqur minnatdorlik izhor qilamiz.
Ularning hayot yo‘li, Vatanga sadoqati har bir yurt farzandi uchun ibrat maktabidir.
Mustaqillik yillarida jamoat tartibini saqlash, fuqarolarimiz xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, ekstremizm va terrorizmga qarshi keskin kurashish yo‘lida matonat va jasorat ko‘rsatgan, xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan soha xodimlari ham xotiramizda mangu yashaydi. Ular mamlakat osoyishtaligi yo‘lida o‘z hayotini qurbon qilgan haqiqiy fidoyilardir.
Bugun biz tinch, farovon va erkin jamiyatda hayot kechirmoqdamiz. Bu — harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va barcha soha fidoyilarining jasoratli xizmatlari samarasidir. Ularga bo‘lgan hurmat va xotira — xalqimiz qalbida abadiy.
Shu muborak kunda barcha faxriylarimizni, urush va xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizning oila aʼzolarini samimiy qutlayman.
Barchangizga sog‘lik-salomatlik, tinchlik va totuvlik tilayman.
Xotira abadiy — jasorat mangu!