Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i olis Olot tumanining 35-sonli umumtaʼlim maktabi bitiruvchilariga Prezident tabrigini yetkazdi
"Ilm-eng buyuk sharaf" shiori ostida o‘tkazilgan tantanali tadbir o‘quvchilarning jo‘rligida O‘zbekiston Respublikasi madhiyasini kuylashdan boshlandi.
Shundan so‘ng, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida bugungi kunda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun mamlakatimizda yaratilgan keng ko‘lamli imkoniyatlarni eʼtirof etib, ushbu sharoitlardan oqilona foydalangan holda kelajakda vatanimizning mard, jasur, yuksak bilim va salohiyatli yoshlari bo‘lib yetishishlari zarurligini alohida taʼkidladi.
Tadbir davomida mamlakatimizda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida keksa avlod vakillarining ham fikr mulohazalari tinglandi.
Shu bilan birga taʼlim jarayonida yuqori natijalarni qayd etgan bir qator o‘qituvchi va o‘quvchi yoshlar faxriy yorliq va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Maktab maʼmuriyati tomonidan taʼlim dargohi bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan namunali ota-onalar ham taqdirlandilar.
Shu kuni o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.