Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumanida tezkor yig‘ilish o‘tkazdi
G‘ijduvon tumani hokimligi majlislar zalida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov o‘tgan yig‘ilishda, boshqarma boshlig‘ining tegishli o‘rinbosari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, tuman IIB rahbariyati hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan muhokamada dastlab, tuman masʼullarining amalga oshirgan ishlari yuzasidan axboroti tinglandi.
Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i jinoyat va huquqbuzarlikni oldini olish, aniqlanadigan jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganlarni topish borasidagi tezkor hamda porofilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirish borasida manzilli topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va hududlardagi vakillik organlariga o‘tkaziladigan saylov tadbirlarida jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini taʼminlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish bo‘yicha masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Viloyat hududida davom etayotgan paxta yig‘im terimi mavsumida hosilni payhon va talon-taroj qilinishini oldini olish, paxtani tashishga mo‘ljallangan transport vositalari va tirkamalar, terim otryadlarini uyushqoqlik bilan ko‘chirishda foydalanilayotgan avtobuslarning texnik xavfsizligini, yo‘llarda xavfsiz harakatlanishini alohida nazoratga olish, ular bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shu bilan birga hasharchilarning xavfsizligini taʼminlash va ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish yuzasidan ham aniq vazifalar belgilab berildi.
Yakunda berilgan har bir vazifaga masʼuliyat bilan yondashish, shaxsiy tarkib tomonidan ijro va xizmat intizomi hamda qonun talablariga qatʼiy rioya qilish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, tamagirlik va poraxo‘rlik kabi illatlarning xodimlar tomonidan sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha belgilab olingan manzilli ishlarni kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Bu kabi muhokama yig‘ilishlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida davom etadi.