Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunovning aholisi muammolari yechimiga bag‘ishlangan navbatdagi sayyor qabuli Shofirkon tumanining Shibirg‘on mahallasida o‘tkazildi
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov aholi bilan doimiy muloqot qilib, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish borasida bevosita joylarga chiqib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazib kelmoqda.
Bugun ham boshqarma boshlig‘i viloyat 3 sektoriga qarashli Shofirkon tumanining Shibirg‘on mahallasida aholi murojaatlarini tingladi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotda 15 dan ortiq fuqarolarning 20 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma bir ko‘rib chiqildi.
Jarayonda asosan ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam, ichki yo‘llarni taʼmirlash, ko‘chalarni shag‘allashtirish, eskirgan suv quvurlarini taʼmirlash, yaroqsiz holatga kelib qolganlarini yangilash, davolanish va dori-darmon olishda ko‘mak ko‘rsatish kabi masalalar ko‘tarildi.
Murojaatlarning aksariyati shu kunning o‘zida yechim topgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun yurituvga olingan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilanib, masʼullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, jarayonda boshqarma boshlig‘i tomonidan, ushbu mahallada yashovchi 16 yoshga to‘lgan, birinchi marta fuqarolik pasporti olayotgan besh nafar yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi ID-kartasi tantanali ravishda topshirildi.
Bu kabi sayyor qabullar viloyatimizning 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlarining barcha hududlarida, bundan tashqari, qolgan shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarida tasdiqlangan grafik asosida o‘tkazib boriladi.