12 Fevral 2025 yil 2594

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-sonli Qarori ijrosini taʼminlash borasida viloyatimizda amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi

Boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari va mutaxassis xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda, mazkur qaror ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritasida belgilab berilgan manzilli chora tadbirlarning bugungi kun holatida bajarilishi shart bo‘lgan bandlarning ijrosi yuzasidan dastlabki natijalar muhokama qilindi.

Dastlab, masʼullar tomonidan qaror asosida viloyat hududida jamoat tartibi, fuqarolar xavfsizligi, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarga barham berish maqsadida amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimot qilindi.

Shundan so‘ng, "Raqamlashgan, obod va xavfsiz mahalla" tamoyili asosida olib borilgan keng qamrovli targ‘ibot va tashviqot tadbirlari natijasida yanvar oyi hamda fevral oyining 10 kunligida viloyat hududidagi aholi xonadonlari, ko‘cha va jamoat joylari, mahallalardagi aholi gavjum, kirish-chiqish joylariga, ko‘p qavatli uylarning hovlilari, savdo markazlari va bozorlar, maishiy va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylari, ochiq  sport maydonlari, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar korxona, tashkilot va muassasalarda o‘rnatilishi rejalashtirilgan zamonaviy videokuzatuv moslamalari va ularni “Qalqon” vaziyatlar markaziga integratsiya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot qabul qilindi.

Shuningdek, Milliy gvardiya Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda ko‘p qavatli uylarning podyezdlariga maxfiy kodli zamonaviy domofon qurilmalari bilan jihozlangan temir eshiklarni o‘rnatish, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi xonadonlarni, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalarini texnik qo‘riqlovga olish, belgilangan joylarga tashvish tugmalarini o‘rnatish ishlari ham muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, markaziy ko‘chalardagi chorrahalarda yuzaga kelayotgan tirbandliklarni va sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, o‘rnatilgan svetoforlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash, “Xavfsiz ko‘cha” va “Xavfsiz yo‘lak” larni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham birma bir tahlil qilindi.

Yakunda davlatimiz rahbarining ushbu Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan oylik, chokarlik, yarim yillik hamda yil davomida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritalarining ijrosini bekamu ko‘st bajarish yuzasidan masʼullarga ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech