Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligida 3-sektorga qarashli G‘ijduvon tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli manzilli ishlar davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligida G‘ijduvon tumanida viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan biriktirilgan masʼul rahbarlar tomonidan bir qator manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun, boshqarma boshlig‘i mazkur ishlarning borishini ko‘zdan kechirish, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan tizimli muammolarni hal etish, "Obod va xavfsiz xonadon" tamoyili asosida mahallalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tozalash-obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash, bunyodkorlik ishlarini yana-da jadallashtirishga doir o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kunidagi "2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-sonli Qarori asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, 2025-yilni "Huquqbuzarliklarni oldini olish yili" deb eʼlon qilinganligi, ushbu qaror bo‘yicha mahalla yettiligi hamda boshqa mutasaddilar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni birma bir tushuntirib berdi.
Boshqarma boshlig‘i tumanning “Saidkent”, “Xaticha” va G‘ovshun mahallari bo‘ylab ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon yurib, chorvachilikni rivojlantirish, tomorqadan unumli foydalanish, issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha "Sayxunobod tajribasi"dan foydalanishni aholi orasida ommalashtirish borasida o‘zining tavsiya hamda ko‘rsatmalarini berdi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish, ularning bandiligini taʼminlash, moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida sektor rahbari boshchiligida hududlarda kichik tadbirkorlik, tikuv sexlarini barpo qilgan holda kasanachilik tizimini ham kengaytirish masalalari ko‘tarildi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘i mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar bilan bo‘lgan suhbatda hudud aholisini qiynayotgan muammolar va mahalladagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni birma bir qayd etib, muammolarni tezkorlik bilan ijobiy hal qilish, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash, elektr taʼminoti, ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini oshirish borasida masʼullarga topshiriqlar berdi.
Mahallalarda mavjud mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barcha korxona, tashkilot va muassasalarda, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalarida zamonaviy video kuzatuv kameralari va quyosh panellarini o‘rnatish, Milliy Gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Qo‘riqlash xizmatining qo‘riqlov tizimlariga ulanishning afzalliklari xususida targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirib, manzilli ishlarni olib borish, hududlarni tozalash obodonlashtirish, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, ko‘kalamzorlashtirish, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish, yangi bog‘lar yaratish, qishloq xo‘jaligi yerlarida agrotexnik tadbirlar olib borish, ariq va zovurlarni tozalash, betonlashtirish, bog‘ tokzorlarni tozalash, butash kabi ishlarni bajarish yuzasidan ham vazifalar yuklatildi.
Aholi xonadonlari, bog‘-tokzorlar oralarida, fermer xo‘jaliklarining dala maydonlari chetlarida kichik hajmli issiqxonalar barpo etish orqali oziq-ovqat zahiralari hamda xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Xalqaro ahamiyatga ega M37 avtomobil yo‘li yoqasida qurilgan noqonuniy qurilmalar hamda belgilangan tartib asosida o‘rnatilmagan turli reklama banerlarini bartaraf qilish, yo‘l yoqalarida ham ko‘p yillik manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligida bu kabi manzilli ishlar viloyat 3-sektorga qarashli Shofirkon hamda Vobkent tumanlari, shuningdek barcha shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarda ham davom ettirilmoqda.