21 Iyun 2024 yil 1499

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ning navbatdagisi G‘ijduvon tumani yoshlarining qator tashabbus va takliflari ro‘yobiga xizmat qildi

Har qanday davlatning kelajagini maʼnan yetuk, jismonan sog‘lom va intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlar belgilaydi. Zotan, yoshlarga eʼtibor mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan eʼtibordir.

Bugun, G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvida ham ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, tuman sektor rahbarlari, tegishli korxona va tashkilotlar vakillari hamda g‘ijduvonlik tashabbuskor yoshlar ishtirok etishdi.

Tashkil etilgan mazkur ochiq muloqotda Boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik haqida alohida to‘xtalib o‘tib, bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish zarurligini alohida taʼkidladi.

Uchrashuvda yoshlarning yer ajratish, imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berish, davolanish uchun ko‘maklashish, ishga joylashtirish hamda o‘quv kurslari mablag‘larini qoplab berish masalalari yuzasidan bergan taklif hamda 20 dan ortiq murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarning bir nechta takliflari qo‘llab quvvatlanib, 10 dan ortiq turli masalalar yuzasidan qilingan murojaatlar shu yerning o‘zida yechim topdi.

Jumladan, 2 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi berilgan bo‘lsa, 4 nafar yoshlarga qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun unumdor yer ajratiladigan bo‘ldi, shuningdek, 6 nafar yoshlarga o‘quv kurslarida taʼlim olishi uchun imtiyoz beruvchi yo‘llanmalar taqdim etildi.

Uchrashuvda yuqori natijaga erishgan 3 nafar sportchi yoshlar hamda tumandagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini bepul o‘quv kurslarida o‘qitib kelayotgan o‘quv markazlari rahbarlari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shu bilan birga, 16 yoshga to‘lgan, birinchi marta fuqarolik pasporti olayotgan 4 nafar yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi ID-kartalari tantanali ravishda topshirildi.

Bu kabi tadbirlar kelgusida tasdiqlangan grafik asosida viloyat 3-sektoriga qarashli tumanlar hamda boshqa shahar-tumanlarning 3-sektoriga qarashli mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar ishtirokida o‘tkazilishi davom ettiriladi

Text to speech