13 Iyun 2024 yil 1600

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Kogon shahrining Adolat mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov hududlarda bo‘lib, bevosita aholining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda.

Boshqarma boshlig‘ining navbatdagi sayyor qabuli Kogon shahrining Adolat mahallasi aholisi bilan o‘tkazildi.

Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, taalluqli idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda 15 ga yaqin fuqarolarning 20 dan ortiq turli masalalardagi murojaatlari birma bir ko‘rib chiqildi.

Bunda, sud huquq masalalari, ichki ishlar organlari va 3-sektor faoliyati, shu jumladan aholini doimiy ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, yaroqsiz sim yog‘ochlarni yangilash, ichki yo‘llarni taʼmirlash, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish masalalarlari ko‘tarildi.

Murojaatlarning aksariyati shu kunning o‘zida ijobiy hal etildi.

Jumladan, Adolat mahallasida yashovchi O‘tkir Mansurovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 2 yil oylik ish haqqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i qabulida bo‘lgan O‘tkir Mansurov qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, muddatidan oldin jazodan ozod qilinishni so‘rab murojaat qildi.

Boshqarma boshlig‘i tegishli masʼullar ishtirokida uning murojaatini o‘rganib chiqib, uning qilgan ishidan chin dildan pushaymonligi, qatʼiyan tuzalish yo‘liga o‘tganligi, o‘rnatilgan tartiblarga rioya qilib kelayotganligini inobatga olgan holda unga tayinlangan jazodan muddatidan oldin ozod qilish yuzasidan sudga taqdimnoma kiritish borasida masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.

"Kumush piramida" MCHJ rahbari Dilorom Ergasheva bir necha yildan beri Gidroponika usulida tashkil qilingan issiqxonada qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

U faoliyatini kengaytirish maqsadida ekanligini bildirib, kredit olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ushbu fuqaroning murojaatini sektor rahbarlari, bank xodimlari hamda mahalla vakillari ishtirokida joyida borib o‘rgandi.

Tadbirkorning 6 sotix maydonda tashkil qilgan issiqxonasi bilan tanishib, uning faoliyatini kengaytirishda amaliy yordam ko‘rsatish, kredit mablag‘larini tezroq ajratish, shuningdek, kooperatsiya tashkil qilib ushbu tadbirkor tajribasini mahalladagi boshqa aholi xonadonlarida ham keng joriy etgan holda, hudud aholisini qo‘shimcha ish, daromad manbayi bilan taʼminlash zarurligi borasida masʼullarga manzilli topshiriqlar berdi.

Albatta, bu kabi sayyor qabullarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad halq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratishdan iboratdir.

Boshqarma boshlig‘ining bu kabi shaxsiy hamda sayyor qabullari tasdiqlangan grafik asosida navbati bilan barcha shahar va tumanlarda davom ettiriladi.

Text to speech