12 Avgust 2024 yil 1974

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ish samaradorligini oshirishga qaratilgan muhokama yig‘ilishini o‘tkazdi

Muhokamada boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari hamda tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Tezkor yig‘ilishda Ichki ishlar boshqarmasida xizmatni o‘tash tartibi, murojaatlar, jinoyat hamda huquqbuzarliklar yuzasidan ariza va xabarlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘laqonli ko‘rib chiqib, natijasi yuzasidan asoslantirilgan qarorlar qabul qilinishini taʼminlash, nazorat va ijrochilik intizomini kuchaytirishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda har bir masala yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglandi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida intizom, fidoyilik birinchi galda rahbarlarning o‘zida ko‘rinishi kerakligini alohida taʼkidlab, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmat rahbarlari birinchi navbatda o‘zlari qo‘l ostidagi xodimlarga namuna ko‘rsatib ish samaradorligini oshirishga doir tizimni ishlab chiqib, shu asosda xizmatni tashkil etishi kerakligi borasida o‘zining topshiriq va ko‘rsatmalarini berdi.

Eng asosiysi, shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiogen holatlarga qarshi keskin kurashish, xizmatga sovuqqonlik bilan qarash, poraxo‘rlik va tamagirlik hamda boshqa shu kabi korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish, ularning har qanday murojaatlari yuzasidan sansolarlikka yo‘l qo‘ymasdan, tez va sifatli tekshiruvni o‘tkazib, belgilangan tartibda huquqiy tushuntirish berish orqali murojaatning natijasini maʼlum qilishning qatʼiy talablariga rioya qilinishi yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i "xodimbay" tizimi asosida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlarida faoliyat olib borayotgan har-bir xodimning oilaviy sharoitini o‘rganish, mavjud muammolariga yechim topish yuzasidan bajarish manzillari aniq belgilab berilgan topshiriqlar berdi.

Yakunda ko‘tarilgan har-bir masala yuzasidan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, hududiy ichki ishlar organlariga masʼul etib biriktirilgan sohaviy xizmatlar rahbarlariga aniq ko‘rsatmalar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Text to speech