3 Sentyabr 2024 yil 362

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ish samaradorligini oshirishga doir navbatdagi muhokama yig‘ilishini o‘tkazdi

Muhokamada boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari hamda tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirok etishdi.
Bunda, Ichki ishlar boshqarmasida xizmatni o‘tash tartibi, jinoyat hamda huquqbuzarliklar yuzasidan ariza va xabarlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘laqonli ko‘rib chiqib, natijasi yuzasidan asoslantirilgan qarorlar qabul qilinishini taʼminlash, nazorat va ijrochilik intizomini kuchaytirishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda har bir sohaviy xizmat yo‘nalishi bo‘yicha joriy yilning 8 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar hamda ish samaradorligini oshirish borasidagi takliflar ishlab chiqilib, masʼul rahbarlar tomonidan prezentatsiya qilinishi yuzasidan topshiriqlar berildi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida intizom, fidoyilik birinchi galda rahbarlarning o‘zida ko‘rinishi kerakligini alohida taʼkidlab, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmat rahbarlari birinchi navbatda o‘zlari qo‘l ostidagi xodimlarga namuna ko‘rsatib ish samaradorligini oshirishga doir tizimni ishlab chiqishi, shu asosda xizmatni tashkil etish lozimligini taʼkidladi

Eng asosiysi, shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiogen holatlarga qarshi keskin kurashish, xizmatga sovuqqonlik bilan qarash, poraxo‘rlik va taʼmagirlik hamda boshqa shu kabi korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish, ularning har qanday murojaatlari yuzasidan sansolarlikka yo‘l qo‘ymasdan, tez va sifatli tekshiruvni o‘tkazib, belgilangan tartibda huquqiy tushuntirish berish orqali murojaatning natijasini maʼlum qilishning qatʼiy talablariga rioya qilinishi yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, "Bilimlar kuni" hamda yaqin kunlarda viloyat hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan boshqa ommaviy tadbirlar vaqtida jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday ko‘ngilsiz hodisalarga barham berish, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish borasida ham topshiriqlar berildi.

Text to speech