7 Iyul 2025 yil 532

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i huzurida o‘tgan hafta davomida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasini xor bo‘lib ijro etishdan boshlangan videokonferensiya aloqa tizimi asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat studiyasidan boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari va shaxsiy tarkib, hududiy studiyalardan shahar va tumanlar ichki ishlar organlarining to‘liq shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Dastlab, maʼnaviyat va maʼrifat darsi doirasida ”Davlat gerbi - Mustaqillik timsoli” mavzusida maʼruza qilindi. Shundan so‘ng:

-joriy yilning 6 oyida viloyatda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning tahlili, shu jumladan:

- o‘tgan hafta davomida kelib tushgan turli hodisa, huquqbuzarlik va jinoyatlarga doir xabar va arizalar, shu bilan birgalikda, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ayniqsa takroriy murojaatlar bilan ishlash borasida yo‘l qo‘yib kelinayotgan kamchiliklar;

- “E-material” elektron platformasiga joylashtirilgan materiallarni kundalik nazorat qilish va qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlash;

- tashabbus bilan aniqlanadigan hamda mavhum holatda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganlarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlarning samaradorligini oshirish;

-oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar, ayniqsa o‘g‘rilik, firibgarlik, kiberxavfsizlik, shu jumladan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi, oila-turmush doirasida sodir etilayotgan, oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olishga doir profilaktik tadbirlar va bunda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar;

-xotin qizlar, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar, muqaddam sudlanganlar  o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, spirtli ichimlik taʼsirida, ko‘cha va jamoat joylarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;

-Prezidentimizning "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-son Qarori asosida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi;

-joriy yilning 22–29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan viloyatda o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi hamda aprel oyida viloyat ichki ishlar boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tekshiruvi davomida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganligi va shu jarayonda berilgan manzilli ko‘rsatma va topshiriqlarning ijrosi birma-bir muhokama qilindi.

Yakunda, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonuniylikni taʼminlash yuzasidan topshiriq hamda ko‘rsatmalar berilib, xizmat faoliyati davomida bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼul rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash bo‘yicha qabul qilingan qarorlar eʼlon qilindi.

Aksincha, o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashib hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar, pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Text to speech