Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida matbuot anjumani hamda boshqarma huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bugun, 25 yanvar kuni o‘tgan hisobot yili davomida viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida olib borilgan profilaktik tadbirlar va ularning natijadorligi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda joriy 2024 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha keng jamoatchilikka axborot berish, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida navbatdagi matbuot anjumani hamda viloyat IIB huzuridagi Jamoatchilik kengashining yarim yillik hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Matbuot anjumanini boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Jalolov ochib berib, ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi.
Shundan so‘ng, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov anjuman kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.
Bunda, tizimda amalga oshirilayotgan manzilli chora-tadbirlar, sohani “Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘i tomonidan aholi muammolarini hal etishda "fuqarobay" ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini taʼminlash hamda "Xavfsiz hudud" tamoyili asosida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi.
Tadbirning ikkinchi qismida boshqarma huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining muhim masalalari hamda uning aʼzolari ishtirokida xodimlar faoliyatini shaffof tahlil qilish, kuzatish va xulosaviy fikr bildirishda o‘ziga xos yangicha yondashuv asosida olib borilayotgan chora-tadbirlar ish samaradorligini oshirish barobarida xalq osoyishtaligi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda muhim sanalishi borasida fikr-mulohazalar yuritildi.
Matbuot anjumani so‘ngida sohaga taalluqli OAV vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga boshqarma boshlig‘i va tegishli sohaviy xizmat masʼullari tomonidan batafsil javoblar berildi.