Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunovning ichki ishlar organlari tezkor-qidiruv xizmati xodimlari hamda faxriylariga tabrigi
Hurmatli tezkor qidiruv xizmatining rahbar va jonkuyar xodimlari, qadrli ustoz va faxriylari, Sizlarni bugungi qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etaman.
Xabaringiz bor, Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida inson qadri uchun tamoyili asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida, ijtimoiy, demokratik, maʼmuriy va huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu o‘zgarishlarning amaliy samarasini bugun, xalqimiz kundalik hayotida ko‘rib, his qilmoqda, butun jahon hamjamiyati eʼtirof etmoqda.
Mamlakatimizda yaratilgan barqaror ijtimoiy-siyosiy va ijobiy kriminogen muhit tufayli bugun davlatimiz yirik siyosiy, iqtisodiy, madaniy va sport tadbirlariga mezbonlik qilmoqda.
Bunday yetakchilik pozitsiyasiga, eng avvalo mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlamay turib erishishning amalda imkoni yo‘qligini barchamiz juda yaxshi bilamiz.
Shuni chuqur anglagan holda, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlarini professional va yana-da xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun soha bosqichma-bosqich transformatsiya qilindi hamda bu jarayon faoliyatimizning muhim ajralmas va zaruriy qismiga aylandi.
Albatta, islohotlarni jinoyatchilikka qarshi kurashishda asosiy lokomotiv bo‘lgan tezkor-qidiruv xizmati faoliyatisiz tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
Ichki ishlar organlarining o‘ziga xos shonli tarixiga ega bo‘lgan Tezkor-qidiruv xizmati eng asosiy vazifalarni bajaruvchi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu sohada xizmat qiluvchi xodimlar teran aql, o‘ta sinchkov, qilni qirq yoradigan, yuksak kasb mahorati, jismonan chiqiqqan va namunali xizmat faoliyatiga ega bo‘lishi talab etiladi.
Bugungi kunda viloyat Ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan tezkor xodimlar, ushbu sohaning jonkuyar faxriy ustozlari bilan hamkorlikda jinoyatchilikning har qanday turiga qarshi murosasiz kurash olib borib, mamlakatimizda xavfsizlik va tinchlikni taʼminlash yo‘lida fidoyilik bilan xizmat olib bormoqdalar.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Tezkor-qidiruv xizmati ichki ishlar organlarining rahbar kadrlarini yetishtirib beradigan eng asosiy sohalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Mustaqillikning ilk yillaridan hozirgi kunga qadar tinchlik osoyishtalikni taʼminlash, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, giyohvandlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda qahramonlik ko‘rsatgan, ushbu sohada o‘z maktabini yarata olgan faxriylarimizni, shuningdek, xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolari hamda bugungi kunda samarali mehnat qilib kelayotgan fidoiy tezkor xodimlarni samimiy tabriklayman.
Mashaqqatli, shu bilan birga sharafli xizmatingizda ulkan zafarlar, soha rivoji yo‘lida amalga oshirayotgan ishlaringizda muvaffaqiyat, oilangizga tinchlik va xotirjamlik, o‘zingizga esa mustahkam sog‘lik tilayman!